Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi Amir Temur istirohat bog`i hududida “Jasorat bog`i” ochildi.

“Jasorat bog`i”dan BRDM va BMP-2 (desantchilar va piyodalar jangovar mashinasi), BTR-70 (zirhli transportyor) hamda turli kalibrdagi artilleriya qurilmalari o`rin olgan.

– Kelgusida ushbu bog` hududida mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo`lgan qahramonlarga yodgorlik o`rnatishni rejalashtiryapmiz, – deydi harbiy okrug mas`uli podpolkovnik Alisher Shirinov. – Milliy qahramonlarimizning Vatan tinchligi va yurt kelajagi uchun ko`rsatgan jasoratini o`sib kelayotgan yosh avlodga ibrat, namuna sifatida ko`rsatish uchun mazkur joy “Jasorat bog`i” deb nomlandi. Kelgusida bu erda harbiy jang san`atiga oid esponatlar ko`rgazmasini tashkil etish, Xorazm viloyati harbiy-ma`muriy sektori bilan hamkorlikda o`zbek xalqining milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdi haykali o`rnatilishini maqsad qilganmiz. “Jasorat bog`i”ga tashrif buyurgan yosh-avlod milliy armiyamizning qudratini, ulug` ajdodlardan meros bo`lgan matonat va jasoratni qalban his etib, tarix ko`z o`ngida gavdalanishini niyat qilyapmiz.


Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati






