AsosiyJamiyat

Orolning qurigan tubida chorvachilik qilsa bo`ladimi?

'Orolning qurigan tubida chorvachilik qilsa bo`ladimi?'ning rasmi

Qishloq xo`jaligi fanlari doktori, Qoraqalpoq davlat universiteti professori Maqsud Ibragimov boshchiligidagi bir guruh olimlar Orol dengizining Mo`ynoq tumaniga qarashli suvi qurigan maydonlarida biologik resurslarini o`rganib, u erlarda chorvachilikni yo`lga qo`yishni taklif qilmoqda.

Olimlar tomonidan Mo`ynoq tumaniga qarashli dengizning suvi qurigan maydonlarida 1000-2000 bosh qo`yga mo`ljallangan qorako`lchilik tajriba fermer xo`jaligini tashkil qilish bo`yicha mutasaddi organlarga tavsiyalar berilgan.

– Orol dengizining qurigan er maydonlaridan oqilona foydalanish zarur, – deydi professor M.Ibragimov. – Bunda asosiy masala suvi qurigan maydonlarda tabiiy holda va o`simliklarni ekib ko`paytirish orqali cho`l o`simliklar qoplamini tashkil qilishdir. Shunday qilganda ikki masala o`z echimini topadi: birinchidan, cho`l o`simliklar bilan qoplanganda dengizning suvi qurigan maydonlarida qumlarning ko`chishi, chang-to`zonlar defilyasiyasi kamayadi, flora va faunaning rivojlanishiga, dengiz tubida to`proq hosil bo`lish jarayoniga va Orolbo`yi mintaqasining ekologik sharoitiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Ikkinchidan, mintaqada chorva mollari uchun yangidan yaylov maydonlari ko`payadi.

Aral_Sea_12.jpg

Qoraqalpog`iston Respublikasi davlat o`rmon xo`jaligi qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 1989 yildan Qoraqalpog`iston davlat o`rmon xo`jaligi qo`mitasi va xorijiy davlatlar hamkorlik tashkilotlari tomonidan dengiz suvi qurigan maydonlarga cho`lga chidamli o`simliklar (saksovul, cherkez, qandim va b.) ekish ishlari olib borilmoqda.

Hozirda jami 418 ming 287 gektar maydonga cho`l o`simliklari ekilgan. Jumladan, 294 ming 700 gektarga o`simliklar urug`i sepilgan, 59 ming 745 gektarga ko`chat uslubida ekilgan. 63 ming 842 gektar erga o`simliklarni tabiiy unib chiqishiga yordam berish ishlari olib borilgan. Ekilgan maydonlarning asosiy qismini saksovul, cherkez, qandim o`simliklari egallaydi.

Dengizning qurigan tubiga ekilib kelinayotgan qora saksovul o`simligi sho`radoshlar oilasiga mansub bo`lib, bo`yi 5 metrgacha o`sadi. Bu o`simlik taqir, chorliqum sho`rxok erlarda yaxshi o`sadi. U Ustyurtda ko`p tarqalgan. Qora saksovulni ko`kligida mollar yaxshi emaydi. Uni kuzda va qishda yumshagan shoxlari va barglarini iste`mol qiladi.

Shunday o`simliklardan biri cherkez Orol dengizining qurigan tubiga urug`idan ekib ko`paytirilmoqda. Bu o`simlik mart-aprel oylarida unib chiqa boshlaydi. Iyun-iyul oyida gullaydi.

Qandim o`simligi mollarning sevib eydigan o`simliklaridan biridir. Uning urug`i juda sekin unadi. Aprel-may oylarida gullaydi. Mevasi iyun oyida pishadi.

Mol uchun ozuqa sanaladigan mana shu o`simliklar Orolning qurigan tubida ko`paymoqda.

– Ekilgan maydonlarning bioekologik holatini o`rganish bo`yicha olib borilgan kuzatishlarga asoslanib, chorva mollari uchun yaylov sifatida foydalanish mumkinligini angladik, – deydi olim Po`lat Xalmuratov. – Hisob-kitoblarga qaraganda, hozirda ekilgan maydonlarda 1 millionga yaqin qorako`l qo`ylarini boqish imkoniyati mavjud.

– O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qorako`lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining cho`l hududlarida yaylov ozuqabop o`simliklarini ekib ko`paytirish va qorako`lchilikni yanada rivojlantirish bo`yicha aniq ko`rsatmalar berilgan, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti Tabiatshunoslik fakulteti dekani Adilbay Esimbetov. – Bu qaror dengizning qurigan maydonlaridan chorva mollari uchun yaylov sifatida foydalanishga imkoniyat yaratadi.

Avval O`zAda xabar qilinganidek, Qoraqalpoq davlat universitetining doktorant olimi Maxmud Allamuratov tomonidan Orolning tubida paydo bo`lgan tuzli qumlarni qimyoviy usulda qotirish usuli ixtiro qilingan edi.

orol_ir_o_lariga_sayye_at_16_10_2017.jpg

Olimlarning fikricha, dengizning qurigan maydonlarida cho`l o`simliklarining ekma plantasiyalarini yaratish va qumlarni qimyoviy usulda qotirish ishlarini olib borish orqali mintaqada ekologik muhitning barqarorlashiga erishish mumkin va chorva mollari uchun yangidan yaylovlar paydo bo`ladi. Buning natijasida mintaqada ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ta`minlanadi.

O`tgan haftada Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlariga yopirilgan tuzli bo`ronning Orol dengizining qurigan tubidan ko`tarilganligi aytilmoqda.

Ilmiy manbalardan ma`lum bo`lishicha, dengiz suvi qurigan tubida Orolbo`yi, Ustyurt platosi, Qoraqum va Qizilqum cho`llari mintaqalarida cho`llanish jarayoni tezlashgan. Dengiz 1986 yildan boshlab suv hajmi keskin kamayib katta dengiz va kichik dengiz bo`lib bo`linib ketgan. Hozirda katta dengizning suv sathi 3,40 metr, suv yuzasi 13,47 kvadrat kilometr, suv hajmi 81,35 kub kilometr, suvning mineralizasiyalanish darajasi esa 152 l/gni tashkil qiladi.

Orol dengizining qurigan tubi qariyb 4 mln gektarni tashkil qilib, shundan 1,3 mln gektardan ortig`i O`zbekiston hududiga to`g`ri keladi.

Esimxon Qanoatov, O`zA

    Boshqa yangiliklar