Respublika yozgi sog`lomlashtirish oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog`lomlashtirish ishlariga katta tayyorgarlik ko`rilmoqda. Bu jarayon O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshiriladi, deb yozadi O`zA.
Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog`lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta`minlash bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh faoliyati yo`lga qo`yilgan. Manzilli dasturlar asosida 100 dan ortiq bolalar sog`lomlashtirish oromgohlari ta`mirdan chiqarilib, zamonaviy ko`rinishga keltirildi. 17 oromgoh yangidan qurildi.
Kasaba uyushmalari federasiyasi matbuot xizmatidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, bu yilgi mavsumda 313 ming oromgoh, shu jumladan, 206 stasionar turdagi, 978 kunduzgi, 129 mehnat va dam olish oromgohlari faoliyati yo`lga qo`yiladi. Ularda jami 301 ming 600 ga yaqin bola sog`lomlashtiriladi. Ularning 153 mingdan ortig`i stasionar, 148 mingdan ziyodi kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi. Buning uchun jami 65 milliard so`mdan ortiq mablag` sarflanishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy himoyatalab oilalar farzandlarini moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, Orolbo`yi mintaqasidan 4 ming nafar bolaning Toshkent shahri, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi oromgohlarda bepul dam olishi ta`minlanadi. Orolbo`yi hududidagi ehtiyojmand oilalarning 500 nafar farzandi esa “Sho`rtangazkimyo” majmuasi tomonidan bepul yozgi oromgohlarga jalb qilinadi. Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 40 ming nafar farzandi jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali bepul va imtiyozli sog`lomlashtiriladi. Shuningdek, Mehribonlik uylarining 2 mingga yaqin tarbiyalanuvchisi hamda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar bepul yo`llanma bilan ta`minlanadi. 2,5 ming nafar ona-bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda salomatligini mustahkamlaydi. Kasaba uyushmalari hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida 700 nafar o`g`il-qiz bepul dam oldiriladi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlaridagi ehtiyojmand oilalarning 500 nafar farzandi Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Jizzax viloyatidagi kam ta`minlangan oilalarning 100 nafar farzandi «Jizzax akkumulyator zavodi»ning homiylik mablag`i hisobidan bepul sog`lomlashtiriladi.
Joriy yilgi sog`lomlashtirish mavsumi yangiliklaridan biri mamlakatimiz bo`yicha 207 ixtisoslashtirilgan oromgoh tashkil etilayotganidir. Iqtidorli o`g`il-qizlar uchun 15 intellektual rivojlantirish, 14 harbiy-sport, 14 ekologik-biologik, o`lkashunoslik, 14 texnik ijodkorlik, 14 badiiy ijodkorlik, 7 ijtimoiy-moslashuv va 129 mehnat va dam olish oromgohlari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan an`anaviy ravishda Toshkent viloyatidagi «Quyoshli» oromgohida respublika intellektual rivojlantirish oromgohi tashkil etiladi hamda turli fanlar bo`yicha o`tkazilgan «Bilimlar bellashuvi» g`oliblari bo`lgan o`g`il-qizlarning bepul sog`lomlashtirilishi ta`minlanadi. Bunday oromgohlar faoliyati har bir hududda yo`lga qo`yiladi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan oromgohlarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash maqsadida 1500 ga yaqin ichki ishlar xodimlari biriktirilib, avtotransport va aloqa vositalari bilan ta`minlandi. Yong`in xavfsizligi, tibbiyot, kommunal soha xodimlarining ham uzluksiz navbatchiligi tashkil etiladi.
Oromgohlarda ta`lim-tarbiya ishlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 29 mingdan ortiq yuqori malakali pedagog kadrlar, tarbiyachi va to`garak rahbarlari, chet tillari mutaxassislari jalb etilmoqda.
Bolalarning ovqatlanish rasionini boyitish, ularning salomatligini mustahkamlash borasida ham bir qator yangiliklar joriy qilindi. Xususan, taomnomalarda darmondorilarga boy taomlar, damlama va salatlar turlarini ko`paytirish ko`zda tutilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan oromgohlarda yosh ijrochilar, madaniyat va san`at arboblari ishtirokida madaniy-ma`rifiy tadbirlar, uchrashuv va suhbatlar tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, bolalar ma`naviyatini yuksaltirishga, ular o`rtasida kitob mutolaasiga bo`lgan qiziqishni orttirishga yo`naltirilgan tadbirlar turkumi, sport musobaqalari va turnirlar o`tkaziladi.
Barcha oromgohlarda bolalar uchun “O`zbekkino” milliy agentligi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan 34 nomdagi hujjatli, badiiy va animasion filmlar namoyish etib boriladi. Va, albatta, yozgi sog`lomlashtirish oromgohlari bolalarga mos qo`shiq, she`r va musiqalar yozilgan disklar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini bolalarga tushuntirib beruvchi banner va ko`rgazmali vositalar bilan ta`minlandi.