Maxsus bog`chadagi bolalar namoyish etgan sahna ko`rinishini tayyorlash uchun nafaqat bolalar, balki tarbiyachilar ham ancha mehnat qilganligi sezilib turardi.
Sahna ko`rinishi murakkab emas: bolalar uchun mo`ljallangan kuy-qo`shiq, she`r va raqs. Ammo… Safda tizilgan bolalarning biri qatordan chiqib ketadi, biri o`tirib oladi, yana biri onasiga qarab qo`l silkiydi. Ular – imkoniyati cheklangan bolalar. Shuning uchun ham biz uchun juda oddiy ko`ringan sahna ko`rinishlarini bajarishi ming mashaqqat bilan amalga oshirilmoqda. Tengdoshlaridan ko`ra aqliy, jismoniy rivojlanishdan ortda qolgan bolalar…
Biroq ularning harakatlariga qarab tasanno aytasan. Ayniqsa, Asadbek ismli bolakay shunchalik yoqimtoyki, xatti-harakatlari, gap-so`zlari bilan sizni darrov o`ziga qaratadi-qo`yadi. Quvnoqligi, hayotsevarligi, so`zamolligidan zavqlanasiz. To`g`ri, u so`zlarning barchasini ifodalab berolmaydi, ammo gaplarini eshitib, zavqlanmay bo`lmaydi. Unga mehringiz tushishi barobarida nahotki shunday mehrli, hayotga chanqoq, ziyrak bolakay bu hayotdan nimanidir tushunib-tushunmay o`tsa, degan og`riqli savol paydo bo`ladi xayolingizda.
Olti yoshlardagi bu bolakay tug`ilgan paytda mamlakatimizda barcha homilador ayollar skrining tekshiruvidan o`tishi lozim edi-ku, nega Asadbek bolalar serebral paralichi bilan tug`ilgan, degan savol menga tinchlik bermadi. Qo`llarini o`pib, tomoshabin ayollardan biriga jo`natayotgan bolakayning onasi hoynahoy shu ayol bo`lsa kerak, degan fikrda unga yaqinlashdim. Oilasi, Asadbek haqida so`radim. Turmush o`rtog`i bilan qarindosh emas ekan. Ammo homilador payti xastalikka chalinganda e`tiborsizlik qilibdi.
– Homilador paytingiz skrining tekshiruvidan o`tmaganmidingiz?
– O`tgandim.
– Tekshiruv natijalari ijobiy edimi?
– Yo`q, do`xtirlar farzandingiz nogiron tug`iladi, deb ochiqchasiga aytgandi. Lekin men ishonmagandim. O`g`il farzand kutayotgandik. Turmush o`rtog`im ham homilani oldirishga rozi bo`lmadi. Hammasi yaxshi bo`ladi, deb umid qilgandik. Ammo do`xtirlarning gapi to`g`ri chiqdi.
Boshqa onalar bilan suhbatlashaman. Ular ham shunga o`xshash javoblarni aytishdi. Onalarning ko`zi mungli, biroq shunday bo`lsa-da, pushaymonman, deb aytolmaydi. Axir qanday aytsin?! Imkoniyati cheklangan bo`lsa-da, farzandi tirik, yonida. Faqat har ko`rganda yuragi tilka-pora bo`ladi. "Nahotki meni farzandim bir umr shunday yashasa", – deya azoblanadi.
Yaqinda tug`ruqxonalardan biriga homilador ayolni keltirishdi. Ayol tibbiy kartasini olib kelmagani ma`lum bo`ldi. Do`xtirlar ayolga shoshilinch yordam berishi, farzand dunyoga kelishi kerak. Ikki dunyo oralig`idagi ayol hadikda, do`xtirning qo`llarini ushlab olgan. "Hammasi yaxshi bo`ladi-a", – deydi tinmay. Ming azobda farzand tug`ildi. Tug`ildi-yu, do`xtirlar chaqaloqni ko`rib, bir-biriga xavotir bilan nazar tashladi. Garchi hali madorsiz bo`lsa-da, hozirgina farzandli bo`lgan ayol buni sezdi. Tug`ruq paytida bor-yo`g`i ingrab qo`ygan bo`lsa, farzandini ko`rib, dodlab yubordi. Ma`lum bo`lishicha, ayol skrining natijalarini yo`q qilib yuborgan ekan.
Bular yaqin yillarda, shu kunlardagi hayotimizdan olingan misollar, xolos. Ularga guvoh bo`lganimdan so`ng viloyat skrining markazi tomonidan aytilgan "15 ming nafar homilador ayollar skrining tekshiruvidan o`tkazildi. Ularning 300 ga yaqinida turli xastaliklar aniqlandi" kabi so`zlarni eshitarkanman, ishqilib, bu homilador ayollarning orasida Asadbekning onasi singari yo`l tutganlar bo`lmasin-da, deb qo`yaman.
Gulruh MO`MINOVA.






