AsosiyJamiyat

Er yuzining barcha hududlarida ham bolalar taqdiriga e`tibor talab darajasidami?

'Er yuzining barcha hududlarida ham bolalar taqdiriga e`tibor talab darajasidami?'ning rasmi

Bola kulsa olam kuladi, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, dunyoda bolalarning beg`ubor kulgusidan go`zalroq quvonch yo`q. Farzandlar chehrasidagi tabassum bois butun olam nazdimizda munavvar ko`rinadi.

Er yuzining barcha hududlarida ham bolalar taqdiriga bo`lgan e`tibor talab darajasida deb bo`lmaydi.

01.jpg

Hanuzgacha bolalar huquqlari poymol etilmoqda, ularning murg`ak jismu jonlari azobda. O`tgan asrning birinchi yarmi, aniqrog`i, 1949 yili Xotin-qizlarning Xalqaro demokratik federasiyasi tomonidan tashkil etilgan sessiyada ana shunday mashaqqatlarning oldini olish maqsadida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida e`lon qilindi va dunyo jamoatchiligining fikru zikrini bolalar qismatiga qaratish sari dadil qadam qo`yildi. 1950 yilga kelib esa 51 ta davlatda 1 iyun – bolalarni asrab-avaylash, huquqini himoya qilish, ularga insonparvarlik yordamini berish bashariyatning asosiy burchlaridan biri ekanini eslatib turuvchi sanaga aylandi.

02.jpg

YuNISEF ma`lumotiga ko`ra, hozir ko`plab bolalar jismoniy va ruhiy tazyiq odatga aylangan oilalarda istiqomat qilishadi. Bundan tashqari, har o`ninchi bola kattalarning beshafqat harakatlari qurboniga aylanmoqda.

Xususan, Amerikada bolalarning turli xil axborotlar oqimi ta`sirida yot qarashlar ta`siriga tushib qolayotgani, hali ham u erda millatchilik va irqchilikning ayrim qirralari ko`zga tashlanayotgani va bundan bolakaylar aziyat chekayotgani katta muammolardan biri bo`lib turibdi.

03.jpg

Jahon ommaviy axborot vositalari keyingi o`n yilda dunyoda sodir etilayotgan harbiy to`qnashuvlar natijasida 2 milliondan ziyod voyaga etmagan bolalar qurbon bo`lganini, 10 milliondan ziyod murg`aklar esa turli darajada tan jarohati olganini ta`kidlamoqdalar.

Asrlar davomida yuz bergan qonli urushlar tarixini tahlil etsak, ko`z oldimizda bag`oyat dahshatli manzara paydo bo`ladi. O`tgan 5 ming yil mobaynida dunyo xalqlari 14 ming 500 ta katta va kichik urushlarga guvoh bo`libdi. Bu urushlar kamida 3 milliard 600 million kishining yostig`ini quritganini tarixchilar bot-bot takrorlamoqdalar. Eng achinarlisi, ana shunday urushlarda eng ko`p aziyat chekkanlar insoniyat kelajagi bo`lmish bolalar va ayollar bo`ldi.

04.jpg

Odatda himoyaga, yordamga yoki alohida g`amxo`rlikka muhtoj ana shu tabaqa vakillari hayotini tashvishlardan holi etish, ular osmonini qora bulutlardan tozalash har doim ham muqaddas burch bo`lib kelgan. BMTning xalqaro bolalar jamg`armasi – YuNISEF va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar ana shu navqiron avlod turmush farovonligini yuksaltirish, ularni turli ofatlardan asrash, huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sa`y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Jahon hamjamiyatining qashshoqlik va ochlikni tugatish, savodsizlikka barham berish, qochoqlar muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari birinchi galda bolalar to`g`risidagi g`amxo`rlik ifodasi, albatta. Zero, yuqorida tilga olingan illatlar, avvalo, jahon bolalarining hayotini izdan chiqarmoqda.

Afsuski, XX asr sahnasida yuz bergan har ikki jahon urushi, ona zaminimizda bo`lib o`tgan va hozir ham davom etayotgan ko`p sonli urushlar va harbiy to`qnashuvlardan birinchi galda bolalar jabr ko`rmoqdalar. Oxirgi yarim asr mobaynida xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari sohasida bir qator konvensyalar qabul qilinganiga qaramay, himoyasiz bolalar va ayollarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo`lish, ularni zo`rlash, qiynash va o`ldirish, aksariyat hollarda yosh bolalarni urushga yollashdek og`ir illatlarga har qadamda duch kelinmoqda. Shu kunlarda ham dunyoning qator hududlarida sayyoramiz hayotiga xavf solayotgan mahalliy va etnik urushlar, milliy nizolar davom etayotgani afsuslanarli xatodir.

05.jpg

Ayniqsa, shu kunlarda Afrika va Osiyoning ayrim mamlakatlarida avj olgan ichki harbiy to`qnashuvlarni ko`z oldimizga keltirsak, dastavval, go`daklar taqdirini izdan chiqarayotgan dahshatli va ayanchli holat yodimizga tushaveradi. Ta`kidlash kerakki, II jahon urushi yakunlanganidan beri to shu kungacha 150 dan ortiq mahalliy va etnik nizolar, keng miqyosdagi mojarolar yuz berdi. Bu jangu jadallarga 8-9 yoshli bolalarning ham jalb etilayotgani keng jamoatchilikning haqli e`tirozlariga sabab bo`lyapti. Keling, shu o`rinda ayrim misollarga murojaat qilaylik. Umumiy ma`lumotlarga qaraganda, keyingi 10 yil mobaynida dunyoning 41 mamlakatidagi qurolli to`qnashuvlarda 300 mingga yaqin bolalar ishtirok etgan. Ammo bu ro`yxat unchalar to`liq emas. Chunki BMT faqat Xavfsizlik Kengashida muhokama qilingan “qaynoq nuqtalar”dagi vaziyatni hisobga olgan, xolos.

Bolalarni urushga jalb etayotgan mamlakatlar sifatida Afg`oniston, Birma, Kolumbiya, Burundi, Kongo Demokratik Respublikasi, Liberiya, Somali, Sudan, Chad singari davlatlarning nomlari alohida tilga olinayaptiki, mojaroning to`xtovsiz davom etayotgani oqibatida ana shu mamlakatlarning aksariyatida urush tarbiyasini ko`rgan yangi bir avlod shakllanib ulgurdi. Ular uchun o`qish, ta`lim olish, ishlab chiqarish bilan shug`ullanish, bunyodkorlik tuyg`ulari yot hodisaga aylandi.

Ta`kidlash kerakki, boshqa turdagi zo`ravonliklar ham bolalar uchun yot emas. Ayrim davlatlarda yosh avlod vakillari uchun maktab eshiklari umuman yopiqligi, 1 milliarddan ortiq odamlarning savodsizligi, ularning aksariyatini esa bolalar tashkil etayotgani buning isbotidir. Hatto ayrim rivojlanayotgan mamlakatlarda maktabga jalb etilgan bolalarning 60 foizi turmush qiyinchiliklari tufayli o`qishdan ketishga majbur bo`layotgani, har yili sayyoramiz bo`ylab 20 million go`dakning turli xastaliklardan nobud bo`layotgani esa vaziyatning naqadar ayanchli ekanini ko`rsatib turibdi. Tahlilchilarning izohlashicha, har yili er yuzida 10 million nafar qiz 18 yoshga to`lmay turmushga uzatilayotgan bo`lsa, 16 million nafar voyaga etmagan o`smir qiz ona bo`layapti.

06.jpg

Har yili sayyoramizda 14 million go`dak ochlik va turli kasalliklardan nobud bo`layotgan, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa maktabga jalb etilgan bolalarning 60 foizi turmush qiyinchiliklari tufayli o`qish imkoniyatidan mahrum bo`layotgan bir paytda O`zbekistonda milliard-milliard mablag` yangi avlod vakillarining kamolotiga sarflanmoqda.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar