AsosiyJamiyat

Tashlab ketilgan chaqaloqlar “Go`daklar uyi”da. Siz u erda bo`lganmisiz?

'Tashlab ketilgan chaqaloqlar “Go`daklar uyi”da. Siz u erda bo`lganmisiz?'ning rasmi

Samarqand shahri, So`g`diyona massivida go`daklar uyi joylashgan. Bu erda uch yoshgacha bo`lgan go`daklar va etti yoshgacha imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanadi.

Bu dargohga tez-tez borib turaman. Shuning uchun ham muassasaning Maqsuda Sohibova, Aziza O`rinova, Roziya Hamidova, Navro`za Ismoilova, Nodira Vohidova, Munira Latipova kabi xodimlari menga yaxshi tanish.

Bir narsa meni qiynaydi. To`g`ri, muassasada hamma sharoit bor. Bolalar uchun zarur barcha narsalar muhayyo. Ammo bu erda ota-ona mehri yo`q.

– Yaqinda bir noxush holat yuz berdi, – deydi muassasa mudirasi Maqsuda Sohibova. – Ichki ishlar xodimlariga shahar istirohat bog`idan go`dak bola topib olingani haqida xabar qilishdi. Viloyat IIB tomonidan tuzilgan dalolatnoma hamda vasiylik-homiylik bitimi asosida, go`dak muassasamizga joylashtirildi. Unga ism qo`yilib, Davlatov familiyasi berildi. Afsuski, bolajonligi, bag`rikengligi bilan dunyoga dong taratgan xalqimiz orasida ham bunday holatlar uchrab turibdi.

Bolalar muassasamizda har tomonlama parvarish qilinadi. Viloyat ko`p tarmoqli tibbiy markaz xodimlari tomonidan yiliga ikki marta fevral-mart oylarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Yiliga to`rt marta sog`-lomlashtirish, davolash amaliyotlari kun tartibiga kiritilgan. Jarayonga fizioterapevt, logoped, defektolog, nevropotolog kabi mutaxassislar jalb etiladi.

Mudira opa so`zlayaptiyu qator belanchaklarda yotgan bolakaylarning nigohlariga tikilaman. Bu qanday ko`rgulikki, inson hali esini tanib ulgurmay etimlikka mahkum qilinsa?! Ertaga bayram, bolalarni himoya qilish kuni. O`z ota-onasidan mehr ko`rmagan, davlat qaramog`ida qolgan go`daklar ham himoyaga muhtoj. Ular ham mehrni tuyishga haqli!

Tolib Jo`raev, mehnat faxriysi

    Boshqa yangiliklar