AsosiyJamiyat

Turizm: xorijlik sayyohlarning e`tiroziga o`rin bor

'Turizm: xorijlik sayyohlarning e`tiroziga o`rin bor'ning rasmi

Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar servis xizmatidan rozimi, yana qanday qulayliklarni yaratish lozim? Bu borada O`zA xorijlik sayyohlarning fikrlariga quloq tutdi.

– Men Turkiyaning kurort shahari bo`lgan Antaliyada o`qiyman, shu bois turizm bo`yicha o`z qarashlarim bor, – deydi Akdeniz universiteti doktoranti, moldovalik Dmitriy Neagu. – Buxoro, Samarqand shaharlarga uyushtirilgan sayohatlar davomida ko`rganlarimdan kelib chiqib, ba`zi bir mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Odatda, sayyohlik industriyasi rivojlangan mamlakatlarda turistlarga bir tur davomida kompleks dastur taklif etishadi va unga umumiy xarajat stavkasi belgilanadi: transport, ovqatlanish, suv havzalari, tarixiy ob`ektlarga tashrif, gid xizmati va h.k. O`zbekistonda shu jihatdan biroz oqsash bor ekan: har bir obidaga borganda biz alohida pul to`ladik, u erdagi qo`shimcha xizmatlarga ham alohida pul olishar ekan. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlardagi tarixiy obidalar vakillari o`zaro kelishib, mahalliy va xorijiy shaxslar uchun bitta to`lov tizimini joriy etishi mumkinku.

Ko`rsatiladigan xizmatlar va sotib olishi mumkin bo`lgan tovar va mahsulotlarning o`rtacha narxini chiqarib, kichik buklet ko`rinishida tarqatish kerak. Sayyohlarda bunga ehtiyoj katta. Qolaversa, har bir sayyohning qo`lida yo`nalish xaritalari bo`lishi lozim.

– Avtoturargohlarda noqulayliklarni kuzatdim, ularni zamonaviy talablar asosida tashkil qilish kerak, deb o`ylayman, - deydi Kuniya shahridagi Selchuk universiteti talabasi, bangladeshlik Labib Faysal Xan.

– O`zbekistondagi tarixiy obidalar, asosan Islom olamida o`z o`rniga ega bo`lgan yirik shaxslar sharafiga qurilgan, – deydi Izmirdagi “9 sentyabr” universiteti doktoranti, qirg`izistonlik Dostonbek Razzoq o`g`li. – Tabiiyki, bu erga keluvchilar ham islom diniga e`tiqod qiluvchilar bo`ladi. Ular bunday muborak joylarda namoz o`qib, ulug` insonlarning ruhiga duo qilishni istaydilar. Ammo biz borgan manzillarning ko`pida tahorat olish uchun sharoit yaratilmaganiga guvoh bo`ldik. Hojatxonalar ham talablarga javob bermaydi.

Serbiyalik Elmaza Sabanovich, Marmara universiteti 3-kurs talabasi:

– Evropadan kelgan sayyoh O`zbekistonda hech bo`lmasa rus tilini bilmasa qiynalar ekan. Tarixiy ob`ektlarni tomosha qilish maroqli, ammo turist uchun buning o`zi etarli emas. Chet ellik odamlarni qiziqtirish uchun turli tadbirlarni uyushtirish kerak. Masalan, Istanbuldagi Do`lma Baxche saroyida maktublar yoziladi. Bu Otaturk yashagan va vafot etgan saroy bo`lib, agar Otaturk tirik bo`lganida qanday tilak va istaklaringiz bo`lgan bo`lardi qabilida... so`ng ularning ichidan yaxshilari tanlanib, saytga qo`yiladi, ya`ni ziyoratchilarni qiziqtirishadi.

Moldovalik Anna-Mariya Panku, Kayseri shahridagi Erjies universiteti magistranti:

– O`zbekiston haqida G`arbiy Evropada targ`ibot bor shekilli, sayohat davomida Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlardan kelgan insonlarni uchratdim. Ammo polyaklarga, vengerlarga (vaholanki ularning o`zbek zaminiga tarixan bog`liqlik tomoni bor), slovaklarga, bolgarlarga O`zbekiston haqida ma`lumot berilmaydi? Menimcha, aynan shu hududlarda O`zbekiston targ`ib qilinsa, bu erga kelishni istovchilar aynan shu erda ko`proq topiladi. Masalan, mening otam ham sovet zamonida geolog sifatida Vataningizga kelgan. Birinchi marta mazkur loyiha haqida eshitganimda, otam borgan yurtga borish ishtiyoqi uyg`ongan edi.

    Boshqa yangiliklar