AsosiyJamiyat

Endi baholovchilar ikkinchi, birinchi va oliy toifalilarga ajratiladi

'Endi baholovchilar ikkinchi, birinchi va oliy toifalilarga ajratiladi'ning rasmi

Baholovchi tashkilotning rahbari faqat birinchi yoki oliy toifadagi baholovchi bo`lishi mumkin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 iyunda “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda O`zbekistonda baholash xizmatlari bozorida malaka sertifikatiga ega mingga yaqin baholovchilar mehnat qiluvchi ikki yuzdan ortiq baholovchi tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Baholash faoliyatini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza shakllantirilgan, baholash xizmatlari bozorini rivojlantirish, amalga oshiriladigan baholash ishlarining natijalari va xolisligi uchun javobgarlikni oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar qilingan bo`lsa-da, sohada bir qator muammo va kamchiliklar mavjud. Bu esa professional baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga hamda baholovchi tashkilotlarga bo`lgan ishonchni oshirishga to`sqinlik qilmoqda.

Prezidentning mazkur qaror mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf qilishga xizmat qiladi. Xususan, qarorga muvofiq:

• baholash faoliyatini lisenziyalash va baholash tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdoriga bo`lgan talab bekor qilindi;

• baholovchi tashkilotlar Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditasiya markazida akkreditasiya qilinadi.

Davlat raqobat qo`mitasining:

• baholovchining malaka sertifikatini berish funksiyasi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta`lim markaziga o`tkazildi;

• mulkni baholashning yangi standartlarini tasdiqlash, shuningdek, amaldagi mulkni baholash standartlariga o`zgartirish, qo`shimchalar kiritish va o`z kuchini yo`qotgan deb topish funksiyasi –Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga o`tkazildi.

2018 yil 1 iyuldan boshlab Korporativ boshqaruv ilmiy-ta`lim markazida baholovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha kurslar tashkil etiladi.

Baholovchilar endilikda ikkinchi, birinchi va oliy toifali baholovchilarga ajratiladi.

2019 yil 1 yanvardan:

baholovchi tashkilotlarga ilgari berilgan lisenziyalarning amal qilish muddati tugatiladi;

baholovchi tashkilotning rahbari faqat birinchi yoki oliy toifadagi baholovchi bo`lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar