O`zbekiston Milliy Olimpiada qo`mitasida navbatdagi majlis bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Basketbol Federasiyasiga yangi rais saylandi.
Shu kunga qadar Basketbol federasiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Dusanov Zoxid Abdukayumovich, sog`ligi yomonlashgani tufayli o`z lavozimini tark etdi.
O`zbekiston Basketbol federasiyasi raisi lavozimiga Adliya vaziri Davletov Ruslanbek Kuroltoevich nomzodi qo`yildi. Majlis ishtirokchilari yangi nomzodni bir ovozdan tasdiqlashdi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
“Menga ishonch bildirganinglar uchun minnatdorlik bildiraman. Bizning asosiy vazifamiz – federasiya ishini yo`lga qo`yib olish. Tashkilot tarkibini va kim nimaga qodir ekanini qaytadan o`rganib chiqamiz. Basketbolni rivojlantirish uchun bizga malakali mutaxassislar kerak bo`ladi. Sizlarning yordamingizga va kelajakda yaxshi natijalar ko`rsatishimizga umid qilaman”, — dedi Davletov.
Yangi rahbar, shuningdek basketbolni viloyatlarda rivojlantirish va milliy terma jamoa uchun xorijiy murabbiy taklif qilish kerakligini ta`kidladi. Shuningdek jamaning bazasi masalasi ham muhokama qilindi.






