AsosiyMadaniyat

​Sankt-Peterburg — dunyo sharqshunoslik ilmining markazlaridan biridir

'​Sankt-Peterburg — dunyo sharqshunoslik ilmining markazlaridan biridir'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O`zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi davom etmoqda.

Kongressning ochilish marosimida ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov mazkur anjuman haqidagi mulohazalarini bayon etdi:

— O`zbekiston madaniy merosining nodir durdonlarini bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida uchratish mumkin. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan xalqimizning boy va betakror madaniyatini o`rganish va keng targ`ib etishga juda katta ahamiyat qaratilmoqda. Bugun Sankt-Peterburgda o`tayotgan ushbu xalqaro kongressning maqsadi ham ana shu ezgu maqsadga yo`naltirilgan.

“O`zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressning aynan shu go`zal shaharda o`tkazilayotgani bejiz emas. Zotan, Sankt-Peterburgni Rossiyaning madaniy poytaxti deb bejiz nomlashmagan. Qolaversa, bu shahar dunyo sharqshunoslik ilmining ham markazlaridan biridir. Bugungi kunda shahar muzeylari, kutubxonalari va ilmiy muassasalarida O`zbekistonga oid bo`lgan minglab nodir eksponatlar, qo`lyozmalar saqlanmoqda. Ularning hali qanchasi o`rganilmagan, keng jamoatchilikka ma`lum qilinmagan. Bugungi anjuman ana shu merosni yanada kengroq targ`ib etish, uni chuqurroq anglash imkonini beradi.

Anjuman doirasida, dunyoning turli hududlaridan tashrif buyurgan olimlar bilan bo`lgan muloqot asnosida, bunday ilmiy anjumanlarni doimiy asosda, dunyoning turli mamlakatlari, turli shaharlarida o`tkazish masalasi muhokama qilindi. O`ylaymanki, ana shu ezgu ishga har birimiz qo`ldan kelgancha hissa qo`shsak, ma`lum ma`noda o`z xalqimiz, Vatanimiz, ajdodlarimiz xotirasi oldidagi burchimizni bajargan bo`lamiz.

Eslatib o`tamiz, mazkur xalqaro anjuman O`zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqimiz xalqimizning boy madaniy merosini chuqur o`rganish va keng targ`ib etishga qaratilgan oqilona siyosatidan kelib chiqib, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va boshka bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar