AsosiyDunyo

Olimlar ko`krak saratonining so`nggi bosqichidagi ayolni to`liq davolashdi

'Olimlar ko`krak saratonining so`nggi bosqichidagi ayolni to`liq davolashdi'ning rasmi

Amerikalik olimlar yangicha davolash usuli yordamida ko`krak saratonining so`nggi bosqichini boshdan o`tkazayotgan ayol hayotini saqlab qolishdi. Mazkur terapiya yordamida bemor qoniga 90 milliard immunitet hujayralari yuborildi. Bu haqida VVS axborot manbasi xabar berdi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.

Ikki yil oldin shifokorlar floridalik Judi Perkinsga uch oy umri qolgani haqida aytishgandi. Bugun esa uning organizmida saraton o`simtasidan asar ham qolmagan.

AQSh saratonni tadqiq qilish milliy universiteti jamoasining ta`kidlashicha, mazkur tuzalmas dardni yangi usulda bartaraf etish hozircha tajriba sanaladi, lekin kelajakda u saratonga malham bo`luvchi proseduraga aylanishi mumkin.

Judi ko`krak saratonining tez tarqaluvchi so`nggi bosqichiga kelgan, an`anaviy metodlarda uni davolashga juda kech qolingandi.

Jigarida tennis koptokchasi shaklida o`sma paydo bo`lgan, kasallik butun tanasi bo`ylab yoyilib ketgandi. Biroq...

“Terapiyadan bir hafta o`tib, nimanidir his qilishni boshladim. Ko`krak qismidagi o`simta kichrayib borayotganini sezayotgan edim, - dedi u. – Bir yoki ikki haftadan so`ng u butunlay yo`q bo`lib ketdi”.

Judi proseduradan so`ng unga tomografiya tasvirlarini ko`rsatganda, hatto shifokorlar ham quvonchdan sakrab yuborishgani haqida eslaydi.

O`shanda unga barchasi ortda qolishi haqida aytishgandi. Ayni paytda Judi o`z vaqtini uzoq sayohatlarga borish, dengiz bo`ylab qayiqda suzishga sarflayapti. Yaqinda u Florida bo`ylab o`n besh kunlik safarini yakunladi.

Jonli malham

Yangi texnologiyaga jonli malham deya nom berishdi. Dori saratonni o`rganish bo`yicha dunyodagi eng etakchi markazlardan birida bemorning o`z hujayralaridan tayyorlanadi.

“Biz davolashning faqat tasavvur qilish mumkin bo`lgan o`ta maxsus turi haqida gapiryapmiz”, dedi universitet jarrohlik bo`limi boshlig`i Stiven Rozenberg.

Texnologiya o`sha-o`sha – eksperimental. Uni boshlashdan avval zarur bo`lgan tekshiruvlardan batafsil o`tish lozim. Lekin mazkur usul qanday ishlashini bilish uchun, birinchi navbatda dushmanni(saraton nazarda tutilyapti) o`rganish joiz.

Ya`ni har bir bemordagi o`simtani genetik darajada tadqiq etish darkor. Zero, shu asosda kerakli mutasiya aniqlanadiki, pirovardida saraton immun tizimi uchun “ko`rinarli” bo`ladi.

Judidagi o`simtalarda 62 xil genetik anomaliya(o`zgarish) aniqlandi va ularning to`rttasidan o`simtaga hujum qilish uchun foydalanish mumkinligi ma`lum bo`ldi.

Keyingi bosqich – ov. Bemorning immun tizimi o`simtaga hujum qiladi, ammo yutqazadi. Binobarin, shifokorlar bemor qonidagi leykositni (oqqon tanachalari) tahlil qilib, ular orasidan saratonga qarshi kurasha oladiganlarini saralab oladi.

Shundan so`ng laboratoriyada juda ko`p miqdorda shunga o`xshash hujayralar yaratiladi.

49 yoshli Judining tanasiga 90 milliardga yaqin ana shunday najot zarrachalari kiritildi.

“Saratonni keltirib chiqargan mutasiya kasallikning o`zi uchun nozik jihatga aylandi”, dedi Rozenberg.

Usulning o`zgarishi

Bir bemor misolida davolash natijalari va uning metodikasini tasdiqlash uchun keng tadqiqotlar olib borish darkor.

Sababi saratonga qarshi kurashishda immunoterapiyadan foydalanish ayrim bemorlarda mo``jizalar sodir etsa, ko`pchiligida foyda bermaydi.

“Mazkur usul tajriba bosqichida turibdi, biz hozircha uni to`g`ri bajarishni o`rganyapmiz, lekin kelajakda uni istalgan saratonni davolashda qo`llash salohiyati mavjud, - dedi Rozenberg. – Shunga yarasha oldimizda katta ishlar bor, biroq saratonni davolashda har bir bemor uchun noyob preparat ishlab chiqish bo`yicha o`zgarishlarni ilgari surish imkoniyati bor – bu davolashning boshqa turlaridan mutlaqo farq qiladi”.

    Boshqa yangiliklar