Ayni paytda barchaning diqqat e`tibori Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahriga qaratilgan, desak yanglishmaymiz. Chunki bu erda ShHTga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi sammiti bo`lib o`tmoqda.
Ushbu zamonaviy shahar manzaralariga bag`ishlangan foto-suratlarni "Xalq so`zi" nashri taqdim etdi.

Sindao — Xitoyning eng muhim sayyohlik markazi sanalgan tarixiy shaharlaridan biri. U xalqaro dengiz porti shahri, deb ham nom qozongan. Sindaoga ilk bor qadam qo`ygan kishi dengizning cheksiz kengliklaridan bahra olib to`ymaydi. Shahar Sariq dengiz qirg`oqlari bilan tutashib, Tinch okeanining g`arbiy sohillariga ulanib ketadi.


Shaharni barpo etishda “yashil hudud”ga alohida e`tibor qaratilgan. Shu sabab qay tomonga qaramang ko`m-ko`k daraxtlar, o`simliklar kayfiyatingizni ko`taradi.
Sindao — zamonaviy va tarixiy shahar sifatida ikki qismdan iborat. Bu erga tashrif buyuruvchi sayyohlar dastavval zamonaviy shahar bilan tanishishadi.

Sindaoliklarning kechki paytlarda bir odati bor. Ular guruhlarga bo`lingan holda dengiz bo`yi yaqinidagi dam olish maydonlarida har kuni xitoycha maxsus sokin musiqa ohanglari ostida raqslarga tushishadi. Bu inson salomatligi uchun eng foydali mashq sanalar ekan. E`tiborlisi, bunday guruhlarni har 150-200 metr oraliqda uchratish mumkin.


Osmono`par binolar — Sindao tashqi qiyofasini belgilaydi. Ayniqsa, oqshom kirib, quyosh nurlari o`z o`rnini tunning yulduzli kechalariga bo`shatib berganida, shahardagi barcha ko`p qavatli muassasalar o`zgacha ko`rinish hosil qiladi. Binolarga o`rnatilgan maxsus diod chiroqlari yordamida ular ajib bir ko`rinishda lov-lov tovlanadi. Bu manzaralar qalbni o`zgacha hayajonga solishi shubhasiz.


Sindaoning tarixiy qismi ham kishiga zavq bag`ishlaydi. Bu erdagi istirohat bog`iga tashrif buyurib, minoradan shaharning barcha joylarini tomosha qilish mumkin.

Sariq dengizi ustida qurilgan mazkur ko`prikning uzunligi 42 kilometrga teng.






