Shu yilning 5 yanvar kuni O`zbekiston futbol assosiasiyasi Ijroqo`mi byurosining qarori bilan besh nafar futbolchi futbol bilan bog`liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgandi. Muborak Ramazon oyi yakuni hamda Hayit ayyomi arafasida O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov o`z aybini tushunib etgan bu futbolchilarga yana bir bor imkoniyat berish maqsadida Ijroqo`mga tashkilot ustavining 65-modda 1.2-bandiga asosan aybdor deb topilganlar masalasini qaytadan ko`rib chiqish taklifini berdi.
O`FA rahbariyati futboldagi eng yomon illatlardan biri — futbolchilar yoshini kichiklashtirish masalasiga jiddiy e`tibor qaratadi. Aynan shu masala yuzasidan aybdorligi aniqlangach, Nodirbek Teshaboev, Muhammadjon Abdullaev, Nuriddin Hasanov, Dilshod Ahmadaliev, Burxon Hasanov kabi futbolchilar Ijroqo`m qarori asosida futboldan chetlashtirildi. O`tgan davr mobaynida ulardan aksari o`z aybini tushunib etdi, hujjatlar bilan bog`liq masalalarni to`g`riladi. Shuningdek, tashkilotga bir necha bor xat bilan chiqib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi.
Tez orada O`FA Ijroqo`mi bu masalani atroflicha o`rganib chiqadi hamda uzoq vaqt davomida boshqa ism-sharif bilan “nom qozongan” yigitlarga, o`zlarining haqiqiy ism-shariflari bilan faoliyatlarini davom ettirish imkoniyatini yaratadi.
O`FA Ijroqo`mining qarori tez orada e`lon qilinadi.






