2022 yilga qadar FHDYo organlarining arxivlari elektron shaklga o`tkaziladi
2019 yil 1 yanvardan bola tug`ilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida har bir chaqaloqqa jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami beriladi. Bu Prezidentimizning joriy yil 12 iyunda qabul qilingan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan.
Hujjatda, shuningdek, hududiy komissiyalar tumanlar va shaharlar hokimlari boshchiligida 2019 yilning 1 iyuliga qadar qayd etilmagan tug`ilganlik, o`lim holatlarini aniqlashi va ushbu holatlarni FHDYo organlarida qayd etilishini ta`minlashi lozimligi bayon etilgan.
Ma`lum qilinishicha, fertil yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug`ilguniga qadar hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integrasiya qilinadi.
Elektron arxivga 2022 yilga qadar fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozuvlari ham kiritiladi. Mazkur tizim samarasida FHDYo organlari tug`ilganlik va o`lim holatlariga oid ma`lumotlar bilan almashishi mumkin.
Shuningdek, 2018 yil 1 iyuldan boshlab nikoh shartnomasini va aliment to`lash haqida kelishuvni notarial tasdiqlaganlik, sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug`ilganligi, shuningdek, tug`ilgan vaqti faktlarini aniqlash to`g`risidagi arizalarni ko`rganlik uchun davlat boji undirilishi bekor qilinadi.
Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlar xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, axborot-kommunikasiya texnologiyalari yutuqlariga yanada yaqinlashishga xizmat qiladi. Masalan, agarda yurtimizda tug`ilgan fuqaro, bugungi kunda boshqa bir mamlakatda istiqomat qilayotgan bo`lsa, u o`sha erning o`zida FHDYo organlaridan ma`lumotnoma olishi mumkin. Xuddi shunday, ma`lum sabablarga ko`ra, chet elda bo`lgan O`zbekiston fuqarolari ham yangi qulayliklardan foydalana oladi.