O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi ishbilarmon, Xalqaro boks federasiyasi — AIBA prezidenti vazifasini bajarayotgan G`ofur Rahimovni qidiruvga berdi. Bu IIV rasmiy saytida ma`lumot e`lon qilingan.
Unga ko`ra, 1951 yil 22 iyulda tavallud topgan Rahimov G`ofur-Arslonbek Ahmedovich O`zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi a-bandi (tovlamachilik), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 228-moddasi 3-qismida (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qidirilmoqda.
Shuningdek, uning turmush o`rtog`i ekani aytilayotgan Lola Rahimova ham qidiruvga berilgan.
IIV ma`lumotiga ko`ra, 1967 yil 24 iyunda tug`ilgan Rahimova Lola Jabbarovna O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi a-bandi (tovlamachilik), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 228-moddasi 3-qismida (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qidirilmoqda.

G`ofur Rahimov yanvar oyida AIBA vaqtinchalik prezidenti etib tayinlangan. Tashkilot prezidenti Ching-Kuo Vu o`tgan yilning noyabrida iste`foga chiqqandi.
Rahimov 1998 yildan buyon AIBA ijroqo`mi a`zosi hisoblanadi. 2002 yilda ushbu tashkilot vise-prezidenti, 2006 yildan ijrochi vise-prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan. 2010 yilda u Osiyo boks konfederasiyasi prezidenti etib saylangan.