Samarqand shahridagi xususiy tug`uruqxonalarning birida muddatidan avval tug`ilgan chaqaloqlar sotilganligi, sotishga to`g`ri kelmaganlari esa vahshiylarcha o`ldirilganligi ma`lum bo`ldi.
"Huquq" gazetasining 14 iyundagi sonida xabar berilishicha, Samarqandda sun`iy abort yo`li bilan tug`ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug`ullangan Nigora Solixonova boshqaruvidagi xususiy tug`uruqxona aniqlangan.
Shifoxona boshqaruv xodimlari tirik tug`ilgan chaqaloqlarni soxta hujjat bilan 500 AQSh dollaridan 2000 AQSh dollarigacha bo`lgan miqdorda farzandsiz oilalarga pullashgan.
Sotilmay qolgan go`daklar qarovsiz qoldirilib, nobud qilingan. Kichkintoylarning jonsiz tanalari esa tibbiy chiqindilarni yoqishga mo`ljallangan mufel pechida yoqib yuborilgan.
Mazkur holat bo`yicha viloyat prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Joriy yilning fevral oyi oxirida jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyati sudining binosida shifoxona ma`muriyati hamda xodimlariga hukm o`qilib, shifoxonaning bosh shifokori Nigora Solixonova 13 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etilish ko`rinishidagi jazo tug`uruqxonaning boshqa xodimlariga nisbatan ham qo`llanilgan.






