Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyatini lisenziyalash tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Faoliyatni lisenziyalash tartibi
Mazkur yo`nalish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlarini ko`rsatish sohasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
• avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyatini tashkil etish uchun yuridik shaxslarga lisenziya berish;
• lisenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish;
• lisenziya amal qilishini to`xtatib turish yoki to`xtatish
• lisenziyani bekor qilish va qayta rasmiylashtirish.
Lisenziya cheklanmagan muddatga beriladi.
Lisenziya berish
Umumiy va maxsus lisenziya talablari, shuningdek lisenziya olish uchun zarur bo`lgan hujjatlar ro`yxati tasdiqlandi. Lisenziya olish uchun arizani va zarur hujjatlarni bevosita Davlat xizmatlari markaziga taqdim etish yoki elektron shaklda YaIDXP orqali yuborish mumkin.
Arizani ko`rib chiqish uchun EKIHning 2 baravari miqdorida yig`im undiriladi. Da`vogar berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to`langan yig`im summasi qaytarilmaydi. Lisenziya berish yoki lisenziya berishni rad etish to`g`risidagi qaror lisenziya da`vogarining arizasi olingan kundan boshlab 9 ish kunidan ortiq bo`lmagan muddatda da`vogarga taqdim etiladi.
Lisenziyani berish yoki amal qilish muddatini uzaytirish uchun EKIHning 10 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Lisenziyani qayta rasmiylashtirish
U quyidagi hollarda talab etiladi:
• lisenziat qayta tashkil etilganda,
• uning nomi o`zgarganda;
• joylashgan joyi (pochta manzili) o`zgarganda;
• tashkiliy-huquqiy shakli o`zgarganda;
• ta`lim faoliyatini olib borish manzili o`zgarganda yoki qo`shimcha manzilda faoliyat olib borganda;
• avval ko`rsatilmagan yangi yo`nalishlar qo`shilganda.
Lisenziat yoki uning huquqiy vorisi (qayta ro`yxatdan o`tganidan keyin) 1 oy muddatda lisenziyalovchi organga lisenziyani qayta rasmiylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali ariza bilan murojaat qilishi shart. U zarur hujjatlar ilova qilingan ariza olingan kundan boshlab 10 ish kunidan ortiq bo`lmagan muddatda qayta rasmiylashtiriladi. Buning uchun EKIHning 1 baravari miqdorida yig`im undiriladi.
Lisenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan nazorat Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, ta`limni boshqarish va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Berilgan, to`xtatib turilgan, yangilangan, qayta rasmiylashtirilgan va bekor qilingan lisenziyalar to`g`risidagi ma`lumotlar “Lisenziya” axborot tizimlari kompleksiga kiritiladi.






