O`zbekiston fuqarolari kommunal xizmatlar uchun to`lovlarni amalga oshirishda qog`ozbozlikni yo`qotishni so`rab, hukumatga murojaat qildi.
«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga «shaxsiy kabinet»larni joriy qilish zarurligi to`g`risidagi petisiya joylandi, unda fuqarolar uy-joy va kommunal xo`jaligi sohasidagi to`lovlarni soddalashtirishni so`ramoqda.
Murojaat muallifi yozishicha, aholining katta qismi haligacha kommunal xizmatlar bo`yicha to`lovlarni amalga oshirish uchun kassalarga borishga majbur.
«Buning sababi — to`lovning boshqa usullarida, masalan, Click tizimi orqali to`lashda xizmat ko`rsatuvchi tomonidan hisob to`ldirilgani haqidagi tasdiqning taqdim etilmasligi… Foydalanuvchilar qarzi yo`qligini isbotlash uchun to`lov haqidagi kvitansiyalarni saqlashga majbur», — deyiladi petisiyada.
Shuningdek, kassalarning ishlash vaqti, u erda navbatda turish fuqarolar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi, natijada to`lov to`lamaydigan odamlar ko`payishi aytiladi.
Petisiyani imzolaganlar kommunal xizmatlar etkazib beruvchilarning rasmiy saytlarida shaxsiy balans va to`lovlar tarixini ko`rish mumkin bo`lgan foydalanuvchilar «shaxsiy kabinet»larini ochishni so`ramoqda.






