1

Yanga

Mutolaa 20.06.2018, 09:48
Yanga

Maftuna talabalikka qabul qilinganidan buyon universitet kutubxonasiga endi kiryapti. Ikki oydan beri shu joyda o`qiyapti-yu, bu maskanga ilk bor mo`ralashi. Qo`lida bir dona fotosurat, a`zolik badali uchun pul va talabalik guvohnomasi.

Bir amallab mahobatli kutubxonaning a`zosiga aylanishi bilan bog`liq masalalar tugaganidan so`ng kerakli kitobga buyurma berdi. Kutubxonachi qiz o`n besh daqiqa kutishi lozimligini aytdi va buyurtma kelguniga qadar bo`sh stollardan birida o`tirib turishini taklif qildi.

Shu erga yaqinroq stollardan biriga joylashdi. Undan keyingi stolda uchta yigit o`tirib olgandi, vaholanki ikki kishiga mo`ljallangan bo`lsa ham.

Jimgina o`tiribdi. Hali buyurtmasi kelmadi.

– Chiroyli qiz ekanmi? – dedi orqadagi yigitlardan biri past ovozda.

– Bo`ladi, ammo sen unga ko`z olaytira ko`rma, men urinib ko`rmoqchiman, – dedi boshqasi.

– Bekorlarning beshtasini aytibsizlar, ikkalang ham umidinglarni uzinglar, bu qizga yaqinlashsanglar, mendan ko`rasizlar, – do`q urdi yana biri sheriklariga.

– Axir, Ali...

– Jim bo`l, men shunday dedimmi, demak, bo`ladi. Istasanglar garov o`ynaymiz, yaqin orada shu qizning men bilan etaklashib yurganini ko`rasizlar.

Juda hayratlanarli, yigitlar kim haqida gapirishayotgan ekan? U yoq-bu yog`iga qaradi. Qizlar ko`p, birontasining ustida bahslashayotgandirlar-da. Ahmoqlar, qiz bolaning ustida ham garov o`ynab bo`ladimi? To`g`ri, past ovozda pichirlab gaplashishyapti, lekin u bemalol eshitayapti-ku!

– Buyurtmangiz tayyor. Kelib, kitobni olib keting, – kutubxonachi qiz unga yuzlandi.

O`rnidan turib, kitobni olish uchun yurdi, qaytishda uchovlonga yana ko`zi tushdi. Ular yuzsizlarcha o`ziga tikilib o`tirishar edi. Qaysi biri Ali ekan bularni? Juda o`ziga ishonvordi-da shunisi. “Yaqin kunlarda uni men bilan ko`rasizlar” emish. Qaysiligini bilsaydim, mana shu kitob bilan boshiga...

Hoy, to`xta, kitobda nima ayb? Kitoblar mutolaa uchun nashr qilinadi, boshga urish uchun emas.

Joyiga o`tirib kitobni varaqlayapti, bahs esa hanuz davom etayapti. Ular qizlarni tuzog`iga ilintirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida shunday gaplarni gapirishardiki, borgan sari asabiylashib ketayotgandi. Shunda bittasi stoli yoniga keldi va:

– Bo`shmi? – dedi yonidagi stul suyanchig`ini ushlab.

– Band, – deb javob berdi ovozini biroz dag`allashtirib.

– Ha, mana endi band bo`ldi, – dedi o`sha yigit kursiga joylashar ekan. So`ng Maftunaning yuziga qarab qo`shimcha qildi: – Orqadagi stolda uchalamiz tiqilib qoldik, shu erda joy bor ekan, bemalol o`tiraylik-a?

Orqadan “Bo`sh kelma, Ali!” degan pichirlashlar va masxaromuz piqir-piqir kulgilar eshitilardi. Ali degani shunisi ekan-da. Nima qilsin ekan, kitob bilan tushirsamikin? Yana kitob deydi-ya, tavba, axir kitoblar o`qish uchun yoziladi, boshga urish uchun emas.

– Uzr, siz bilan yaqinroq tanishsak bo`ladimi? – dedi Ali.

– Nega, yaqin kunlarda etaklashib yurishimiz uchunmi?

– Men unday demadim, – dedi u elkasini qisib.

– Hozirgina sheriklaringizga aytdingiz-ku!

– Noto`g`ri tushungandirsiz. Biz axir...

– Ha, aynan shunday dedingiz. Hammasini to`g`ri eshitdim, noto`g`ri emas. Bilib qo`ying, biron qizning siz bilan etaklashib yurganidan ko`ra it bilan etaklashib yurgani yaxshiroq.

“Voy, men chidolmasdim, Ali! U itni sendan yaxshi dedi, lekin yomon uyatga qolding-da o`zingam”, deb mazaxlab kuldi orqadagilar.

Ali boshqa hech nima demadi. Bir ularga, bir Maftunaga tikilib qarab qoldi, xolos. So`ng o`rnidan turib, kutubxonachining oldiga kitobni qo`ydi-yu, chiqib ketdi.

– Yanga, yomon bopladiz lekin... – deb qiyqirib qolishdi ortidan yigitlar.

Ertasiga birinchi dars tugaganidan so`ng yo`lakda ketayotsa, kechagi yigitlardan biri kelayotgan ekan. Yoniga yaqinlashganida “Yaxshimisiz yanga?” deb o`tib ketdi.

Sabrini sinayapti bu yaramaslar.

Bufetga kirib kompot ichayotganida esa xushro`ygina bir qiz yoniga kelib, “Yoqimli ishtaha, yanga”, dedi kulib. Mayna qilishyaptimi, Xudo jazoingni bergurlar. Shu tariqa kun davomida besh-olti kishi unga “yanga” deb murojaat qilib so`rashib o`tdi.

Nima qilsa ekan bu Alini! O`sha kuni kitob bilan tushirsa bo`larkan, esiz, shunday imkoniyatni yo`qotdi-ya.

Ertasi kuni darsga birinchi bo`lib keldi. Undan keyin kirgan kursdosh yigit “Yo, hazrati Ali” dedi partaga to`nkarilgan stulini erga olib qo`yar ekan, o`ziga o`zi gapirgan kuyi, ammo sinovchan nigohi zimdan Maftunaga qadalgan edi. Endi kurs ichida ham “Ali, Ali” degan tegdirmalar qulog`iga chalinayotgandi.

Kimdandir biror nima so`rasa, “E, Ali akani hurmati bor, sizga yo`q demiymiz”, deyishardi. Mana, yo`q joydan yanga ham bo`lib oldi. Alining o`zini durustroq tanimaydi-ku, ko`pchilik uni o`sha yigitning himoyasidagi qiz deb o`ylayotgani yomon-da.

Bilib oldi, Ali deganlarining talabalar orasida “avtoriteti” kuchli ekan. Uchinchi kursda o`qirkan. Uni ko`pchilik juda yaxshi tanirkan. O`sha yigit Maftunaning kursdoshlariga: “Bo`lajak yanganglar shu qiz, agar ozgina hurmatim bo`lsa, hammangiz uni yanga deb chaqiringlar”, deb tayinlabdi.

Kursdosh yigitlar u bilan iloji boricha gapni qisqa qilishar, chunki Alidan hayiqishardi. Uni biron-bir munosabat bilan yig`ilishadigan tadbirlarga chaqirishsa, borgan joyida albatta Ali o`tirgan bo`lardi. Chor atrofida Ali ismi aylanar, o`zini peshanasiga Ali degan tamg`a bosilganday his qilardi. Bu yigit yo`q joydan erkinligini tortib oldi, u el qatori o`qishiga, hamma qizlar kabi yayrab yurishiga yo`l qo`ymayotgandi. Eng yomoni, buni boshqalarning qo`li bilan qilayotgani. Zero, o`sha kutubxonadagi bahslashuvdan keyin u boshqa bir og`iz ham so`z qotgani yo`q. Alining oldiga borib, nega bunday qilyapsan, deb so`rashga yuragi betlamadi. Xuddi nochor ahvolga tushib, yalinib borganday bo`ladi. Yaxshisi, e`tibor bermagan ma`qul.

Hech kimga qo`shilolmaganidan so`ng darsdan keyin vaqtini kutubxonada o`tkazishga odatlana boshladi. Albatta, “yanga”chilar u erdayam bor, ammo endi bu qochirimlarga parvo qilmay qo`ygandi.

Shunday kunlarning birida yoniga Ali kelib o`tirdi.

– Ahmoqlik qilyapsiz, – dedi unga qarab.

– Bu hammasi sizni asrash uchun, yoningizga yomon niyatlilarni yaqinlashtirmaslik uchun, – dedi Ali.

– Yaxshi, ammo bu sizga nega kerak bo`lib qoldi?

– Boshqalar tugul, o`zimdan ham sizni qizg`anganim uchun.

– Mening ko`nglimni bilmaysiz-u...

– Bilganim shuki, sizni yaxshi ko`raman. Boshqasi bilan ishim yo`q.

– Mening tuyg`ularim-chi?!

– Sizda tuyg`uning o`zi yo`q, – dedi Ali andak jahl bilan.

– Men muhabbat buyuk bo`lishi kerak deb o`ylayman. Shunchaki sevgi o`yinlari men uchun emas.

– Ammo buyuklik oddiylikda ekanini o`ylab ham ko`rmaysiz. Bu ketishda muhabbat gadosi bo`lib o`taverasiz.

– Muhabbat tilamchilarga beriladigan sadaqa emas. Duch kelgandan sadaqa so`rab ko`chaga chiqolmaganing kabi muhabbatni ham ehson qiling, deb bo`lmaydi, – dedi chertib-chertib.

Gapi og`ir botdimi, Ali o`rnidan turib chiqib ketdi. Maftuna uning ortidan o`ychan nigohlari bilan qarab qoldi. “Men o`zim o`qigan ertaklarda yashayman, – xayolidan o`tkazdi u. – Kimsasiz daladagi yagona qasr — bu mening tasavvurdagi uyim. Oldida yam-yashil sholipoya yastanib yotibdi. Mayda dala gullari va oppoq moychechak go`zal hissiyotlarim, yagona do`stlarim. Yolg`izlikni yaxshi ko`raman. Ba`zan kimdir etishmayotganday bo`ladi. Shu kimdirni topdim deganimda esa u men qidirgan odam emasligini bilib qolaman. Aslida qidirgan odamim bormi bu dunyoda? Qaerda u? Qachon unga ro`baro` bo`laman? Qachondir duch kelamanmi o`zi unga? Yoki yo`q insonni qidiramanmi? Agar u yo`q bo`lsa, uni qidirib nima qilaman? Kimnidir qidirmasam, qandaydir ilinjim bo`lmasa, yashashdan ma`ni nima? Ammo yo`q odamni qidirishdan ham ma`ni yo`q-da. Balki qidirgan insonim Alining o`zidir. Qalbimning tubidan unga joy bera olarmikinman? Qiyin savdo...”

O`sha kungi suhbatdan so`ng u Aliga bo`lgan jahlini so`ndirib bordi. Ba`zan vaziyat yuzasidan, ba`zan zarurat tufayli gaplashib turadigan ham bo`lishdi. Unchalik yomon yigitga o`xshamaydi. Ko`ngli toza, nekbin kayfiyatli, hamma bilan birdek yaxshi munosabatda bo`la oladigan kishilar toifasidan ekan. Oralaridagi munosabat do`stona ko`rinishdan hech o`zgarmagan bo`lsa ham, Alining ko`zlaridagi muhabbat cho`g`i sira so`nmadi. Maftuna esa hali-hanuz sevgi neligini tushunolmaydi. Bu asrlarni titratgan hodisa u bilan hech yuz berarmikin o`zi? U ham kimnidir seva oladimi?

Bu orada dillarni yashnatib ko`klam eshik qoqib keldi. Chor atrofdan bug`doy sutining hidi, gul hidi, ko`ngil hidi anqiydi. Uning ham qalbida ishqning sarrin sabolari esa boshladi. Yashayotganini, dunyoning latifligini, tabiatning ulug`vorligini his qilar ekan, g`ir-g`ir elayotgan tuyg`ulari tizginini biroz bo`shashtirdi. Ko`rinmas bir rishta bilan bog`langan kabi Alini yuragiga yaqin ola boshladi. Hissiyotlar kishini juda masrur va latif olamga etaklar ekan.

Ali do`stlari bilan o`sha kuni o`ynagan garovida yutib chiqdi. Ko`pchilik Maftunani Alining yonida ko`ra boshlashdi. Qizlar ortlaridan havas bilan qarab qolishar, yigitlar garchi haqiqatda unday bo`lmasa ham o`zlarini e`tiborsizday ko`rsatib o`tishardi. Ikki qalb bir-biriga talpinsa ham, hayo chizig`ini kesib o`tishmas, har ikkisining ich-ichida hamrohiga nisbatan cheksiz hurmat va mehr uyg`ongandi.

“Bu muhabbat bo`lmay nima? – deya o`yladi Maftuna. – Ali yuragimga eng yaqin insondek tuyulyapti. Men doimo uni qidirgan ekanman. Nihoyat topdim, nihoyat yaqinidaman, yonginasidaman. Qo`l uzatsa etadigan darajada yaqinidaman. Uni yaxshi ko`ra boshladim, dilim mulkining egasiga aylanib borayapti. O`z-o`zimga so`z berib aytamanki, bundan buyon bu yigit meni qanchalar izzat qilayotgan bo`lsa, men uni ikki bor ko`proq qadrlayman”.

Munosabatlar kundan-kunga mustahkamlanib, chuqurlashib, yaxshilanib borardi. Qizig`i shundaki, ularning samimiy sevgisiga biron kishi qarshilik qilmasdi. Hamma ularning bir-biriga mos juftlik ekanini ta`kidlab, baxtli bo`lishlarini tilardi. Bu muhabbat kitoblarda yozilgan boshqalaridan farqli o`laroq, suronli, to`fonli, ziddiyatli, yaralovchi va nihoyat fojiali emasdi. Balki tungi oy yorug`ida bir me`yorda sokin oqayotgan suv kabi jilvali va ravon edi. Yo`llarida na bir to`siq, na bir fisq-fasod yo`q. Haddan ziyod osuda, behad tinch. Ko`ngillar yaqin, fe`llari ma`qul, ko`rinishdan munosib.

Ha, suv oydinda bir muddat (unchalik uzoq ham, u qadar qisqa ham vaqt emas) mana shunday sokin va bir maromda oqdi. Biroq taqdir degan yana bir tosh borki, qachon o`zingni baxtli sezsang, peshanangga qarsillab urilmasa...

Ana shu kun keldi.

Salomatligini tiklash va qizini ko`rib ketish bahonasida Maftunaning onasi poytaxtga kelyapti. U onasini kutib olish uchun ertaroq yo`lga chiqdi. Poezd kelishiga yigirma daqiqacha bor. Hali vaqt borligi sababli vokzal tashqarisidagi bolali ayol o`tirgan o`rindiqqa borib cho`kdi. Odamlarni kuzatib o`tirar ekan, yonidagi navnihol juvon o`ziga qarab-qarab qo`yayotganini sezdi.

– Kechirasiz singlim, siz Maftunamasmisiz? – deb so`radi so`ng undan.

– Maftunaman, – dedi hayron bo`lgan kuyi.

– Darrov tanidim, – dedi juvon ko`zlari yonib.

– Ko`rishganmizmi?

– Yo`q, birinchi bor uchrashib turibmiz.

– Unda meni qaerdan taniysiz?

– Xo`jayinimning fotoalbomida bir dunyo suratlaringiz bor.

– Xo`jayiningiz kim?

– Ali... Uning xotiniman.

– Qaysi Ali?

– Shu... haligi... Siz ham uni taniysiz. Mana bu o`g`lim o`ynayotgan o`yinchoqni Aliga Yangi yil bayramida siz sovg`a qilgan ekansiz.

Bolaning qo`liga qaradi — o`yinchoqni darrov tanidi. Uni tanlash uchun yarim kun ovora bo`lgandi.

– Iya, Ali uylanganmi? – deb so`radi Maftuna hayron bo`lib.

– Ha, o`g`limiz ikkiga kirdi.

– Qanday qilib?! Axir hali Alining o`zi yosh bola-ku. Endi uchinchi kursni tugatayapti. Bundan chiqdi, institutga kirmasidan oldin uylangan ekan-da.

– Ha... To`yimiz kirish imtihonidan biroz oldin bo`lgan.

– Nega buncha tez? Ota-onalaringiz majburlashganmi? – so`radi Maftuna hamdardlik ohangida (balki o`zini yupatish uchundir).

– Yo`q. Ali bilan uch yil sevishib yurganmiz, u meni boshqa birov ilib ketmasligi uchun darhol uylanib olgan.

Qiz hayratdan tong qotdi. “Ishonmayman, – o`yladi u. – Ali bu ayolni sevgan bo`lishi mumkin emas. Ota-onalari majburlagani aniq. Ali meni sevadi. U hech qachon mendan boshqasini sevmagan. Kimningdir men bilan hazillashgisi kelyapti”.

Juvon gapida davom etdi:

– Yaqinda esa u menga sizni yoqtirib qolganini, men bilan turmush qurgani anglashilmovchilik bo`lganini, tezroq sud orqali ajrimga kelishuvimiz lozimligini aytdi.

– Keyin-chi? Siz nima dedingiz?

– Rozilik berishdan o`zga ilojim ham yo`q. Buning ustiga Ali tanlagan qiz, ya`ni siz binoyidekkina ekansiz. Yulduzinglar yulduzinglarga to`g`ri kelsa bo`ldi. Mana, o`g`lim bilan uyga ketayapmiz.

“Qanaqa yulduz? – ich-ichidan iztirobga tushdi u. – O`zining yulduzi bor ekan-ku. Alini qanday qilib mana bu shiringina, quyib qo`yganday o`ziga o`xshaydigan o`g`lidan judo qilaman? Buning ustiga rafiqasi farosatli, aqlli ayol ekan”.

– Ali tez orada sizlarni yoniga qaytaradi. Hech qanaqa ajrimning keragi yo`q, ketmang, – dedi hovliqib-kuyib.

“Nimalar bo`lyapti o`zi, nega bunday bo`ldi? Alining ikkita hamqishlog`i bor, ular uylanganligini bilmagan bo`lishlari mumkin emas”. Qo`l telefonini olib chetga o`tdi va raqam terdi.

– Sobir, yaxshimisiz, sizdan bir narsani so`rayman, faqat rostini gapirasiz, bo`lmasa juda qattiq xafa bo`laman.

– Nimani so`ramoqchiligingizni tushunganday bo`ldim. Kimdan eshitdingiz, yanga, uni biz uchalamizdan boshqa hech kim bilmasdi-ku, Alining o`zi aytdimi?

– Yo`q, boshqadan eshitdim. Nega bunday qildinglar, Sobir, siz es-hushli yigitsiz-ku?!

– Uning niyati jiddiy edi-da, qolaversa yaqinda yangamdan ajrashadi...

– Bir yangangizdan ajralib, ikkinchisiga uylanadi, shundaymi? – kesatdi.

– Ali sizni aldamayapti, u rostdan ham...

– Etar, kerakmas, – deb aloqani uzdi va o`ylab qoldi: “Eh, Ali, Ali. Qo`limga tushsayding, seni o`ldirardim. Ammo bunday bo`lmaydi. Chunki meni boshqa ko`rmaysan. Seni uchratishim mumkin bo`lgan hamma joydan izsiz yo`qolaman. Hammasidan kechaman. O`qishni tashlab, boshqa joyga, sen taxmin ham qilolmaydigan joyga ketaman. Mana shu ayol hurmati uchun... Oilangni saqlab qolishing uchun... Ko`rinishi seni eslatadigan jajji o`g`ling uchun...”

Zulmat cho`kkan ko`ngliga endi ko`p zamonlar muhabbat yog`du sochmasligi aniq. Dili ko`chasida lolalar yastanib ochilmaydi. Tuyg`ularini sezmay qo`yadi.

Bundan so`ngra hech kim o`zini yanga deb chaqirmaydigan joylarga ketadi.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1