AsosiyJamiyat

"Omad", "baxt keltiruvchi", "pulingizni ko`paytirishni va`da qiluvchi" SMSlar fitnasi

'"Omad", "baxt keltiruvchi", "pulingizni ko`paytirishni va`da qiluvchi" SMSlar fitnasi'ning rasmi

“Shu SMSni falon kishiga yuborsangiz falon ish bo`larmish yoki bo`lmasmish, yubormasangiz balo-ofat kelarmish...”

Keyingi vaqtlarda, ayniqsa, diniy bayramlar arafasida telefonga SMSlar, telegramm orqali esa quyidagi mazmunda xabarlar oqimi ko`payib ketadi: “Shu SMSni falon kishiga yuborsangiz falon ish bo`larmish yoki bo`lmasmish, yubormasangiz balo-ofat kelarmish...” mazmundagi xabarlarda hatto o`lim bilan qo`rqituvchi so`zlar bor.

Sodda kishilar yoki qiziquvchanlar bunga ishonib, kelgan SMSlarni tanishlariga, qarindoshlariga tarqatishni boshlaydi. Ularning ham o`ntasidan hech bo`lmasa, beshtasi o`nlab odamga yuboradi.

Nafisa anchadan buyon sessiya imtihonlaridan o`zi istagandan pastroq baho olayotgani, ertaga esa qattiqo`l ustozning imtihon olishidan asabiylashib o`tirganida telefoniga xabar kelib qoldi: “...agar bu xabarni beshta odamga yuborsangiz mo``jiza sodir bo`ladi”. U SMSni o`qib bo`lar, bo`lmas shosha-pisha bir qancha odamga yubordi. Niyati mo``jiza sodir bo`lsa-yu, ertaga u imtihonni a`loga topshirsa...

Biroq, ertasiga u sinovdan o`ta olmadi. Uyga kayfiyati buzilib, qaytdi.

– Qani, hech qanday mo``jiza sodir bo`lmadi-ku? Pul sarflab, hammaga SMS yuboribman, ahmoq bo`lib, – deya singlisiga nolib qoldi.

– Shuni anglab etganingizni o`zi bir “mo``jiza” emasmi, – dedi singlisi hazil aralash piching bilan.

Islomshunos olimlarning ta`kidlashicha, aqli butun hech bir inson uning taqdirini allaqanday bir SMS o`zgartirishiga ishonmaydi. Bu Islom dushmanlarining bir fitnasi bo`lib, ular bunday SMSlarga Allohning, payg`ambarlarning nomlarini, diniy iboralarni qo`shib yuboradilar.

Albatta, bu yolg`on SMSlar hech narsani o`zgartirmaydi, ammo, endi shunga ishongan sodda kishilarning qalbida Allohga, payg`ambarga, dinga nisbatan shubha paydo bo`ladi, “axir va`da qilingan narsa sodir bo`lmadi-ku?” deb ikkilana boshlaydi, iymoni susayib ketaveradi...

“Omad”, “baxt keltiruvchi”, “pulingizni ko`paytirishni va`da qiluvchi” SMSlarni tarqatib, hayoti, taqdiri yaxshi tarafga o`zgarib ketgan insonni hali uchratganim yo`q. Sizchi?

Sayyora Shoeva, O`zA

    Boshqa yangiliklar