Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligini oshirish, sutkaning kechki va tungi vaqtida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ularning yaqin hamkorligini tashkil etish maqsadida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi eksperiment tariqasida joriy etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyunda “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oliy sudi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashining 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasini eksperiment tariqasida joriy etish to`g`risidagi taklifi ma`qullandi.
“Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasida quyidagilar nazarda tutilgan:
soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig`ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo`linmalari jamoat tartibini ta`minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini (keyingi o`rinlarda – jamoat tartibini ta`minlash kuchlari) jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimini tashkil etish;
ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo`linmalari, ma`muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to`liq amalga oshirish, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o`n olti soat davomida ularni bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish;
huquqbuzarliklarning o`z vaqtida oldini olish va ularga chek qo`yish maqsadida ichki ishlar organlari bo`linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta`minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo`lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan etib borishini ta`minlash.
Shuningdek, qarorda quyidagilar belgilab qo`yildi:
- patrullik qilish uchun biriktirilgan hududda jamoat tartibini buzish holatlari mavjud emasligi, ularning o`z vaqtida oldi olinishi va ularga chek qo`yilishi sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan jamoat tartibini ta`minlash kuchlari faoliyatini baholashning eng muhim mezonlari hisoblanadi;
- sutkaning kechki va tungi vaqtidagi faoliyat jamoat tartibini ta`minlash kuchlarining va jalb etilgan davlat organlari bo`linmalari shaxsiy tarkibining yaqin hamkorligida tashkil etiladi;
- jamoat tartibini ta`minlash kuchlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida avtomobillarda patrullik qilish aralash tartibda, ya`ni ham avtomobillarda, ham piyoda amalga oshiriladi;
- sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borishga jalb etilgan jamoat tartibini ta`minlash kuchlari va davlat organlari shaxsiy tarkibining faoliyati davriy ravishda sutkaning kunduzgi vaqtidagi ish bilan almashtirib turiladi.






