So`nggi ikki kun davomida ikki kishi suvda cho`kib ketishi natijasida halok bo`ldi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, jumladan, 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida yashagan maktab o`quvchisi S.Ch. o`z yashash hududida joylashgan “No`g`ayli” suv omborida cho`milayotib ehtiyotsizligi oqibatida cho`kib ketib hayotdan ko`z yumgan. 20 iyun kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashagan M.M. esa mahallasidan oqib o`tuvchi “Teshiktosh” kanalida cho`milayotib ehtiyotsizligi oqibatida cho`kib ketgan.
"Hurmatli fuqarolar, yoz mavsumida turli cho`milish havzalariga borganda albatta, ehtiyot choralarini ko`ring, eng avvalo cho`milish taqiqlangan hududlarda aslo cho`milmang. Shuni bilingki, o`rnatilgan mazkur taqiqlovchi belgilar bejiz qo`yilmagan. Shuningdek, farzandlaringizni taqiqlangan joylarga va boshqa cho`milish havzalariga nazoratsiz yubormang. Bu orqali siz yuz berishi mumkin bo`lgan xavf-xatarlarni oldini olgan bo`lasiz", - deyiladi IIV murojaatida.






