AsosiyJinoyat

Bir inson umri ikki yuz dollarmi?

'Bir inson umri ikki yuz dollarmi?'ning rasmi

Bekzod (ism-shariflar o`zgartirilgan) pochchasi xorijga ishlash uchun ketgani bois Yangier shahrida, opasining uyida yashab, shu erdan o`zi o`qiydigan Guliston Davlat universitetiga qatnab o`qiy boshladi. Talabalik “oltin davr” hisoblangani bilan uning ham o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Bekzod ham boshqa o`rtoqlari kabi yaxshi kiyinishni, katta-katta pul sarflab, o`yin-kulgi qilishni istardi. Biroq u pul topish uchun halol mehnat qilish, peshana teri orqali topilgan pulgina odamga buyurishini unutgandi...

Jasur Bekzodning kursdoshi bo`lib, u o`ziga to`q oilaning farzandi edi. Uning yonida har doim pul bo`lishini bilgan Bekzod undan shaxsiy ehtiyojlari uchun qarzga pul so`radi.

– O`rtoq, menga 400 ming qarz berib tur, mosh ekkanman, Xudo xohlasa, hosilni yig`ib olsam, oldingi qarzlaring bilan birga hammasini bitta qilib uzaman, – dedi Bekzod.

Jasur uzoq o`ylab o`tirmay, yonidan pul chiqarib kursdoshiga uzatdi:

– Mana, Bekzod, hammasi bo`lib qarzing 200 dollar bo`ldi, qo`lingga pul tushishi bilan qaytararsan. O`zing bilasan, buyog`i talabachilik... Pul har doim kerak bo`ladi.

Shu bilan oradan oylar o`tsa-da, Bekzod pulni qaytarishning ilojini topolmadi. Jasur puldan gap ochishi hamon gapni boshqa tomonga burar, turli xil bahonalar o`ylab topardi. U Jasurni uzoq vaqt alday olmasligini bilib, qabih reja tuzdi...

Bekzodning opasi Viktoriya Aleksandrovna degan yolg`iz ayol bilan yon-yonma qo`shni edi. Ayolning yakka-yu yagona qizi Anna Toshkent shahrida yashar, har doim ham onasidan xabar ololmasdi. Viktoriya Aleksandrovna Bekzodga yaxshi muomala qilar, biror yumushi bo`lsa, undan yordam so`rardi. Ayolning uyiga bir necha marotaba kirib-chiqqan Bekzod uning iqtisodiy tomondan qiynalmasligini, ulardan ko`ra yaxshiroq yashashini bilib oldi. Yolg`iz ayolning uyini, nima qaerda turishini yaxshi o`rgangan Bekzod qo`shnini tunashga qaror qildi.

O`sha kuni kechasi bilan mijja qoqmadi, opasi va jiyanlari uyquga ketgach, tunggi soat uchda sekin tashqariga chiqdi. Atrofga alanglagancha, pisibgina Viktoriya Aleksadrovnaning uyi derazasi yoniga borib, ehtiyotkorlik bilan ichkariga mo`raladi. Tiq etgan tovush eshitilmadi. Derazani itarib ko`rdi – ochilmadi. Shundan keyin oynani sekin-sekin chertib ko`rdi. Uyqusirab oyna oldiga kelgan ayol Bekzodni ko`rib, hech narsadan shubhalanmay, derazani ochdi.

– Ha, Bekzod, bemahalda nima qilib yuribsan? – deb so`radi ayol.

– Sizda ishim bor edi, – dedi Bekzod hovliqqancha.

– Hozir eshikni ochaman...

– Yo`q, eshikni ochib ovora bo`lmang, yarim kechasi qo`shnilar bezovta bo`ladi. Shu erdan kirib qo`ya qolaman.

U qo`lida oldindan tayyorlab qo`ygan 0,5 metrli trubani orqasiga yashirgancha, ayolning ortidan ergashib, mehmonxona tomon yo`l oldi. Divanga o`tirgan ayolning ko`zi Bekzodning qo`lidagi temirga tushdi.

– Yarim kechasi nimaga temir matohni ko`tarib yuribsan? – deb so`radi ayol hayron bo`lib.

Bekzod unga javob berishni istamay, zarb bilan ayolning boshiga urdi. Zarbaning kuchidan ayol ildiziga bolta urilgan daraxtdek gursillab polga quladi va vahimali tarzda xirillay boshladi. Bekzod qo`shnilar eshitib qolishidan qo`rqib, uning ovozini o`chirish maqsadida yana bir zarba berdi. Ayol endi oldingidan-da balandroq tovushda xirillay boshladi. Sarosimaga tushib qolgan yigit oshxona tomonga yugurdi va stol ustida turgan pichoqni olib, ayolning ko`kragiga qayta-qayta sanchdi. Shundan keyin ayol tinchib qoldi.

Ayol murdasiga befarq ko`z tashlagan Bekzod stol ustida turgan ikkita uyali aloqa telefonini cho`ntagiga joylagancha, sekin xonalarni ko`zdan kechirdi. Divandagi yostiqni ko`targanda, tagida pul turganini ko`rdi. Uni ham cho`ntakka urgancha, yana derazadan chiqib, voqea joyidan juftakni rostladi.

Bekzod uy orqasidagi bolalar bog`chasi yonidan o`tib ketayotgan vaqtida cho`ntagidagi oq rangli telefonga sms-xabar kelib, uni cho`chitib yubordi. Qo`rqqanidan telefonni bog`cha tomonga otib yubordi. Yo`lida davom etarkan, aksiga olganday, kanal bo`yida xizmat kiyimidagi IIB xodimini ko`rdi. Shu zahoti avtomashinalar yo`lidan orqasiga qaytib, beton ariq ustidan piyodalar yo`lagiga sakrab o`tdi. Qo`lidagi pichoqni, trubani va telefonning ichidagi sim kartani olib kanalga uloqtirdi. Shundan keyin hech nima bo`lmagandek uyga qaytib, uyquga ketdi.

Ertasi kuni pullarni sanab ko`rdi – uch yuz ming so`m ekan ekan. Telefonni, pulni sumkasiga joylab, o`qishga otlandi. Tanaffusda qotillik evaziga qo`lga kiritgan o`ljasini qarzi evaziga Jasurning qo`liga tutqazdi.

– Jasur, uzr, qarzingni vaqtida qaytarolmadim. Manavi “Samsung galaxy note 3”, akamning telefoni, anchagina qimmat turadi, bunisi uch yuz ming so`m pul, shularni qarzimning evaziga ola qol...

Hech nimadan xabari yo`q, uyali aloqa vositasi arzimagan pul uchun o`ldirilgan ayolning telefoni ekanligi xayoliga ham kelmagan Jasur qarzi qaytarilganiga xursand bo`lib, Bekzod bergan narsalarni jon deb qabul qildi.

Viktoriya Aleksandrovnaning qizi Anna nimagadir o`sha kuni tushida onasini ko`rib, ko`ngli g`ash bo`lib uyg`ondi. “O`lsin shu tirikchiligiyam, ish bilan bo`lib, o`zimning tuqqan onamdan ham xabar ololmay qoldim...” deb o`yladi. Onasining telefon raqamlarini terdi, biroq “Telefon o`chirilgan” degan ovoz keldi. Qayta-qayta onasining raqamini terdi, ammo foydasi bo`lmadi. Shundan keyin qo`shnilari – Karima opaga qo`ng`iroq qildi.

– Karima opa, onamga qayta-qayta qo`ng`iroq qilib tusholmayapman, iltimos, chiqib, xabar oling. Agar uyda bo`lsalar, telefonlarini yoqsin, – deb iltimos qildi.

Qo`shnisidan xabar olgani chiqqan Qarima opa uning eshigi yopiqligini ko`rdi, taqillatib, chaqirganligiga qaramay, hech qanday sado bo`lmadi. Shundan keyin Annaga qo`ng`iroq qilib, Viktoriya Aleksandrovnaning uyda yo`qligini, biroz kutish lozimligini, balki biror joyga chiqqan bo`lishi mumkinligini ma`lum qildi.

Oradan ikki kun o`tdi. Annaning qo`ng`iroqlari javobsiz qolaverdi. Xavotiri ikki barobar oshgan Anna yana Karima opaga sim qoqib, ularga onasi bergan kalit bilan eshikni ochishni iltimos qildi. Biroq eshikni ochishga harakat qilgan Karima opa ichkaridan qulflanganini bildi. Shundan keyin xavotirga tushib, turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qildi. Rafiqasining qo`ng`irog`idan keyin birpasda etib kelgan Davron aka deraza orqali uyga kirdi va erda qonga belanib yotgan ayol murdasini ko`rib, dahshatga tushdi...

Huquq-tartibot idorasi xodimlariga jinoyatni ochish qiyinchilik tug`dirmadi, binobarin, Bekzodning “yallamayorim” qilib yurishi ham uzoqqa cho`zilmadi. O`tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Bekzod Jo`raev qo`lga olindi. B. Jo`raev tergov jarayonida marhuma uni shahvoniy yaqinlikka da`vat etgani, tinch qo`ymagani bois o`ldirgani haqida vaj-karsonlar keltirib, o`zini oqlamoqqa urindi.

Ammo sud Bekzod Jo`raev ayolning mulkini talon-taroj qilish maqsadida uyiga kirib, uni shafqatsizlarcha o`ldirganini hisobga oldi va qonun o`ta shafqatsizlik tushunchasini odam o`ldirish usuli bilangina emas, balki aybdor tomonidan o`ta shafqatsizlik namoyon etilganidan dalolat beruvchi boshqa holatlar bilan ham bog`ladi. O`ta shafqatsizlik bilan odam o`ldirish usullariga, jumladan, hayotdan mahrum etishdan oldin yoki qotillik sodir etish jarayonida jabrlanuvchini qiynoqqa solish yoxud unga qattiq azob etkazish bilan bog`liq hollarni ham inobatga olib, badanga ko`plab shikast etkazish orqali odam o`ldirish, faqat aybdorning buni jabrlanuvchiga qattiq azob-uqubat etkazishga qaratilgan o`ta shafqatsizligi ko`rinishi deb baholadi.

Bekzod Jo`raev O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismining “j”, “i”bandlari va 164-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan aybdor deb topdi va uzil-kesil o`tash uchun o`n besh yilu olti oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Xo`sh, shu o`rinda savol tug`iladi: hali hayotning o`nqir-cho`ng`ir so`qmoqlarini bilmagan, tanlash imkoni turganda oq va qorani farqlay olmagan yigitning qilmishi uchun bir o`zi aybdormi? Nahot bir insonning umri bor-yo`g`i arzimagan ikki yuz dollar bilan baholansa? Jinoyatga qo`l urgan Bekzod o`z aybini ich-ichidan his etib, qayta tarbiyalansa-ku, tavbasiga tayansa, xo`p-xo`p, ammo jinoyatning uzun yo`lini o`ziga hayot yo`li deb belgilab olsa-chi? Kishini mana shu jihati o`ylantiradi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Sirdaryo viloyat

sudining sudyasi Boboev Burhon

Lola Shoimova, jurnalist.

    Boshqa yangiliklar