1

Farg`onada maktab o`quvchisi jinoyatga qo`l urdi

Jinoyat 22.06.2018, 10:46
Farg`onada maktab o`quvchisi jinoyatga qo`l urdi

Huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish maqsadida joylarda o`tkazilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramay, voyaga etmaganlar o`rtasida jinoyat sodir etish hollari hamon uchramoqda.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudi tomonidan 13-umumta`lim maktabida o`tkazilgan sayyor sud majlisida mazkur maktabning 10-sinf o`quvchisi Shohjahon Shahobovning jinoyat ishi ko`rib chiqildi, deb yozmoqda O`zA.

Ishdagi aniqlangan holatlarga ko`ra, Sh.Shaxobov 2018 yil 12 fevral kuni soat 20:30larda Farg`ona shahar M.G`olib ko`chasi 26-uy ro`parasida tanishi G`.G`ulomov bilan uchrashgan vaqtda G`.G`ulomov unga ikki yil avval o`rtalarida bo`lib o`tgan og`zaki tortishuvni eslatib, urushishni taklif qilib, qo`li bilan yuz qismiga urmoqchi bo`lganida Sh.Shaxobov yonida bo`lgan oshxona pichog`i bilan G`.G`ulomovni chap ko`krak sohasiga urib, tan jarohati etkazgan.

O`tkazilgan sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra, G`.G`ulomovda shikastdan va qon ketishdan keyingi karaxtlik bilan asoratlangan, bu tan jarohati og`irlik darajasi xayot uchun xavfli bo`lgan og`ir shikastlar toifasiga kirishligi aniqlangan.

– Ko`chat niholligida egiladi, bola yoshligidan tarbiyalanadi, degan naql bor, – deyji Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudi raisi Sh. Hashimov. – Afsuski, ba`zida voyaga etmaganlarni tarbiyasiga jiddiy e`tibor berilmayotganligi natijasida turli jinoyatlar sodir etilmoqda. Mazkur jinoyat ishida ham sudlanuvchining ota-onasi, maktab rahbariyati mas`uliyatsizlikka yo`l qo`ygan. Voyaga etmagan Sh. Shaxobovga jazo tayinlashda uning aybiga to`liq iqrorligini va pushaymonligi hisobga olindi.

Sudlanuvchi Sh.Shaxobov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 104-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksi 84-moddasi 1-qismi tartibida 6 oy muddatga sutkaning soat 20:00 dan soat 06:00 gacha bo`lgan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mutaxassislar ota-onaning farzand axloqidagi salbiy o`zgarishlar, uning fe`l-atvori, ta`lim-tarbiyasiga e`tiborsiz bo`lishi bola kelajagi uchun jiddiy xavf tug`diruvchi asosiy omil ekanini ta`kidlaydi. Shunday ekan, ularning tarbiyasiga befarq bo`lish, nazoratsiz qoldirish mumkin emas. Maktab o`quvchisining mana bunday jinoyatga qo`l urishi esa Farg`ona shahar ta`lim mutasaddilarini yanada ogoh bo`lishga undasa, ajab emas.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1