O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi joriy yilning 22 iyun chop etilgan "Bekatda uxlasa o`zbek ayoli" nomli maqola yuzasidan batafsil izoh berdi.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi ushbu maqola qahramoni Zuxra Matqulovani topish va shaxsini aniqlash, uning muammolarini hal etish maqsadida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirdi. Zuxra Matqulovani topishda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh Boshqarmasi xodimlari tezkorlik bilan amaliy yordam ko`rsatdilar.
Tezkor qidiruv jarayonida ma`lum bo`lishicha, maqola qahramoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida bemaqsad yurgan, yonida shaxsini tasdiqlovchi (pasport, tug`ilganlik haqida guvohnoma) hujjatlari ham bo`lmagan.
Shu sababli, aniq yashash va mashg`ulot turiga ega bo`lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan Reabilitasiya markaziga joylashtirilgan.
Shu kunga qadar Zuxra Matkulova ushbu markazga 3 marotaba — 2017 yilning avgust oyida, 2017 yilning 22 oktyabr va 2018 yilning 13 iyun kunlarida olib kelingan.
23 iyun kuni Namangan viloyati Chust tumani xotin-qizlar qo`mitasi raisi Abdurahimova Mamlakat Zuxra Matqulovani doimiy yashash joyiga, o`z oilasi bag`riga olib ketish uchun Toshkent shahriga etib keldi. Namangan viloyati Xotin-qizlar qo`mitasi, Chust tumani hokimligining sa`i-harakatlari bilan Zuxra Matqulovaning oilaviy sharoitlari o`rganilib, uni yaxshilash buyicha zarur choralar ko`rildi. Turmush o`rtogi bilan munosabatlarini sog`lomlashtirish, bandligini taminlash ishlari tashkil etildi.
Yaqin kunlarda Zuxra Matqulova haqida yanada to`liqroq ma`lumot berilishi ma`lum qilindi.






