AsosiyJamiyat

Pasportda xatolik: “ayol”ni “erkak”ka aylantirishdi

'Pasportda xatolik: “ayol”ni “erkak”ka aylantirishdi'ning rasmi

Respublika ishchi guruhi Qo`shtepa tumanidagi “Loyson” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi, 1955 yil 27 mayda tug`ilgan Xosiyatxon Hakimovaning xonadoniga kirganida onaxon fuqarolik pasporti sababli juda noqulay ahvolga tushganini yashirmadi.

Unga biometrik fuqarolik pasporti 2017 yil 19 aprelda №AV 6618042 sonli raqam bilan berilgan. Yangi pasport olganidan onaxon pasportni tekshirmasdan, uyga shoshadi. Kelini qiziqish bilan unga qarar ekan, xatolikni ko`rib kuladi.

Pasportning “jinsi” deb yozilgan joyida tuman migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmasi mutasaddilarining beparvoligi va e`tiborsizligi sababli go`yo kichik yanglishmovchilik yuz beradi. Jinsi “ayol”deb yozilishi o`rniga “erkak” so`zi ketib qoladi, deb yozmoqda O`zA.

Yaqinda 63 yoshga kirgan onaxon bir yildan ortiq vaqt davomida sarsonu sargardon bo`ldi. Pasportimdagi yozuvlarni to`g`irlab beringlar, deb ertasi kuniyoq qilgan murojaati qachonki yangi pasport olish uchun to`lanadigan boj, ya`ni 65 ming so`m to`lovni qayta amalga oshirgach bajarilishi aytildi.

– Nega hujjatni vaqtida puxta qilmadingiz? Pasportdagi bunday xatolik tufayli hozirgacha biror muammo tug`ilmadimi?

– Soddalik qilibmiz-da, bolam. Ko`z qurg`ur ham “zreniyasi” pasaygan, ochganim bilan o`qiy olmayman-da. 3 ta farzandim bor edi. Bir o`g`lim 2003 yilda 25 yoshida qazo qilgan. Undan bitta nevaram yodgor qoldi. Ikkinchi farzandim Sobirjon Hakimov 44 yoshda edi. Pasport olayotgan kunlarim qazo qilib qoluvdi. 4 ta bolasi bilan kelinim bevo qoldi. Xarajatlar katta bo`lib ketdi, bolajonim. Yana to`lov qilasizlar, deyishganida pulim bo`lmagan edi. Keyin kimlardir jarima ham to`laysiz, deganiga qo`rqib bormay yuraveribman-da. Muammo hozircha bo`lgani yo`q. Pensiyamni vaqtida olib turibman. Ilgari maktabda oshpaz bo`lib ishlaganman. Biroz yig`inib, bu yil Shohimardonga dam olishga bormoqchi edim. Ammo u erga borib kelganlar chegaradan sizni bu holatda o`tkazishmaydi, deyishdi. Borib yurmang, qamab qo`yishlari mumkin, deb hazilu chin aytishdi. Shunga qo`rqib yuribman. Lekin har safar pasportimni ochganimda meni “erkak” deb yozishibdi, deya o`zimcha kulib qo`yaman.

Kulgu-kulgi bilanu, bunday qo`pol xatolikka yo`l qo`yish uyat emasmi?! Ustga-ustak, nega xatolikni tovonini onaxondan undirishga harakat qilishdi?

Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.Hakimova pasportini qayta olish choralari ko`rildi. Profilaktika inspektori va sektor rahbarining o`z hududida uyma-uy yurib, muammolarni vaqtida aniqlamagani sabab, ishchi guruhi oldida ularning yuzi qizardi.

    Boshqa yangiliklar