AsosiyJamiyat

Jismoniy shaxslarga chegaradan bir oyda 1 dona maishiy texnika olib o`tishga ruxsat beriladi

'Jismoniy shaxslarga chegaradan bir oyda 1 dona maishiy texnika olib o`tishga ruxsat beriladi'ning rasmi

Jismoniy shaxslar tomonidan ayrim tovarlarni bojxonadan olib o`tish normalari tasdiqlandi, deb xabar qiladi DBQ axborot xizmati.

Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo`l (yo`lovchi), temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona to`lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o`tishning miqdoriy normalari tasdiqlandi. Bu 22 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o`tish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 463-son qarori bilan belgilangan.

Ro`yxatdan asosan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalari joy olgan bo`lib, endilikda ularni 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o`tayotganda faqat 1 donadan olib o`tilishi mumkin.

Shuningdek, ro`yxatda boshqa turdagi tovarlar uchun ham normalar belgilandi. Ya`ni, endilikda har kuni olib o`tilayotgan har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy og`irligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.

Unutmaslik kerak-ki, ushbu tovarlar sirasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512 son qarori 1-ilovasida keltirilgan tovarlar kirmaydi.

Ushbu ilovada alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha bojxona to`lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Olib o`tilayotgan tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan piyoda, avtomobilda, temir yo`l yoki daryo o`tkazish punktlari orqali tovarlarni bojxona to`lovlari undirmasdan olib o`tishning cheklagan me`yorlaridan oshmasligi kerak.

Mazkur me`yorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512 son qarorida belgilangan bo`lib, unga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 1000 AQSh dollari miqdorida hamda avtomobil yo`li (piyodalar yo`li) o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 300 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to`lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Unutmang, tovarlarni bojxona to`lovlari to`lamasdan olib o`tishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs O`zbekiston Respublikasi davlat chegarasini chegara o`tkazish punktidan belgilangan davrda birinchi marta o`tishida qo`llaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qo`yiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.

Misol: Jismoniy shaxs masalan iyun oyi davomida chegarani piyoda ravishda birinchi marta 5 iyun sanasida kesib o`tsa, demak ayni shu o`tishida unga nisbatan ro`yxatdagi 1-20 qatorlarda ko`rsatilgan tovarlarni bojxona to`lovlari to`lamasdan olib o`tishning miqdoriy normalari qo`llaniladi. Ya`ni, mana shu birinchi o`tishda 300 AQSh dollarigacha bo`lgan qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishi mumkin. Jismoniy shaxsning iyun oyi davomida chegarani keyingi kesib o`tgan holatlarida ushbu normalar tadbiq etilmaydi. Shuningdek, jismoniy shaxs 1 kalendar oy davomida 300 AQSh dollaridagi meyo`rdan bo`lib-bo`lib foydalana olmaydi. Shuning bilan u bu imkoniyatdan keyingi kalendar oyida foydalana oladi.

Ro`yxatda qayd etilgan har qanday tovar belgilangan norma va davriylikdan ortiq olib o`tilganda o`rnatilgan tartibda bojxona to`lovlari undiriladi.

Mazkur normalar 2018 yilning 1 iyulidan boshlab, kuchga kiradi.

Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo`l (yo`lovchi), temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona to`lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o`tishning miqdoriy normalari

Tovarlarning nomi

Soni

Davriylik

1.

Sovutgich

1 dona

1 kalendar oy

2.

Muzlatgich

1 dona

1 kalendar oy

3.

Kondisioner

1 dona

1 kalendar oy

4.

Kir yuvish mashinasi

1 dona

1 kalendar oy

5.

Chang yutgich

1 dona

1 kalendar oy

6.

Gaz plitasi

1 dona

1 kalendar oy

7.

Elektr plita

1 dona

1 kalendar oy

8.

Televizor

1 dona

1 kalendar oy

9.

Mikroto`lqinli pech

1 dona

1 kalendar oy

10.

Duxovkali pech

1 dona

1 kalendar oy

11.

Elektr go`sht qiymalagich

1 dona

1 kalendar oy

12.

Dazmol

1 dona

1 kalendar oy

13.

Fen

1 dona

1 kalendar oy

14.

Oshxona kombayni

1 dona

1 kalendar oy

15.

Telefon apparati, shu jumladan qo`l telefoni

1 dona

1 kalendar oy

16.

Kompyuter texnikasi

1 dona

1 kalendar oy

17.

Printer va ko`p funksiyali ofis qurilmasi

1 dona

1 kalendar oy

18.

Planshet kompyuter

1 dona

1 kalendar oy

19.

Noutbuk

1 dona

1 kalendar oy

20.

Oshxona idishi

1 to`plam

1 kalendar oy

21.

Boshqa tovarlar

Har bir nomdagi tovardan 2 kg, ammo umumiy og`irlik 10 kg.dan oshmasligi kerak

1 kun

    Boshqa yangiliklar