O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining zamonaviy, original, osonlik bilan tan olinadigan logotipini yaratish uchun professional grafik dizaynerlar, rassomlar hamda rassomlik mahoratga ega bo`lgan kreativ shaxslar uchun tanlov e`lon qilmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Logotipning mafkuraviy va g`oyaviy tarkibi vazirlik faoliyatining o`ziga xos xususiyatlariga, shuningdek, qonuniy, madaniy va estetik standartlarga mos bo`lishi lozim, deyiladi Moliya vazirligi xabarida.
Ishtirokchi boshqa birovlarning mualliflik va turdosh huquqlarini tanlov ishlarida buzgan taqdirda, barcha huquqbuzarlikka shaxsan javobgar hisoblanadi.
Tanlov ishi o`zida grafik qism va tushuntirish xatini jamlashi lozim.
Grafik qism tasvirdan iborat, osonlik bilan o`qiladigan, «O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi» yozuvli original logotipni tashkil etishi va tasvir, eskiz, chizma, grafik maket hamda 3D-render shakllarida taqdim etilishi mumkin.
Tushuntirish xati ixtiyoriy shaklda bo`lib, u taqdim etilgan vazirlik logotipi konsepsiyasini dizayndagi ma`naviy-mafkuraviy elementlarini talqin etish orqali aks ettirishi kerak.
Barcha materiallar ddjuraeva@mf.uz; pressservice.mfuzb@gmail.com elektron manzillari orqali qabul qilinadi.
Tanlov 2 bosqichda o`tkaziladi:
I bosqich: 2018 yil 21 iyundan 30 iyungacha — tanlov ishlari ko`rib chiqiladi;
II bosqich: 2018 yil 2 iyuldan 7 iyulgacha — ishlarni baholash.
Tanlov g`olibi eng kam ish haqining 25 barovar miqdorida mukofotlanadi.






