25 iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga Milliy bank filiali rahbariyatidan 270 ming dollar pul yo`qolganligi haqida ariza kelib tushdi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Gumon kassa mudiriga tushdi, uning o`g`irlikka aloqadorligini 25 iyun, dushanba kuni ish joyida bo`lmaganligi va rahbariyati qo`ng`iroqlariga javob bermaganligi ham tasdiqladi.
Tezkor-qidiruv ishlari natijasida kassa mudiri shu kuni kechki payt o`g`irlangan pullarga sotib olingan kvartirasidan topildi. U aybiga iqror bo`ldi va pullarni 22 iyun, juma kuni o`marganini aytdi. Ish kuni tugab, bankning boshqa ishchilari binoni tark etishini kutib turgan, so`ng kassadan 270 ming dollarni o`g`irlagan.
Kassa mudiri o`z harakatlarini tanishlari va qarindoshlariga qarzlarini qaytarishi, shuningdek, avvalroq sotib olgan avtomobillari uchun kreditlarni to`lashi zarur bo`lgani bilan izohladi. Pulning katta qismini o`tgan uch kun ichida kvartira, maishiy texnika, kompyuter va boshqa tovarlarni sotib olishga sarflashga ulgurgan. Bir qismini qarzlari uchun bergan. O`g`irlangan pulning qolgan qismi musodara qilindi. Tergov davom etmoqda.






