26 iyun "Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash" kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan giyohvandlik vositalarining navbatdagi to`plamini yo`q qilish tadbirini o`tkazdi. Unda “Darakchi” muxbiri ishtirok etdi.
Tadbirda 1 tonna 605 kg 738 gr. giyohvandlik vositalari, shu jumladan 15 kg 619 gr. geroin, 1 tonna 1 kg 688 gr. opiy, 98 kg 733 gr. gashish, 406 kg 234 gr. marixuana, 55 kg 60 gr. ko`knor, 1,4 gr. dan ortiq yangi turdagi psixofaol vositalar hamda 27 kg 472 gr. kannabis va psixotrop moddalar yoqib yuborildi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston 1995 yilning fevral oyida BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash to`g`risida 1961, 1971 va 1988 yillardagi Konvensiyalariga qo`shilgan. 1999 yilda O`zbekiston Respublikasining "Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to`g`risida”gi Qonuni qabul qilindi. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi "Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o`tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo`lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to`g`risida”gi qarori bilan hozirga qadar mamlakatimizda taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro`yxatiga qo`shimcha 80 turdagi yangi giyohvandlik vositalari kiritildi.
Respublikada amal qilayotgan tartibga muvofiq, sudda ashyoviy dalil sifatida o`tgan giyohvandlik vositalari hukm qonuniy kuchga kirgach, maxsus pechlarda yoqib yuboriladi. Ushbu tadbirda mutasaddi idoralarning xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Husan Tangriev, Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati bosh inspektori:
— Bugun O`zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonunbuzarlik holatlarida aniqlangan giyohvandlik vositalarining navbatdagi turkumi xalqaro jamoatchilik ishtirokida yo`q qilindi. Bu jarayonda Davlat bojxona xizmati organlarining ham alohida hissasi borligini ta`kidlash joiz. Agar raqamlarga murojaat qilsak, 2017 yil davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning noqonuniy olib o`tilishi bilan bog`liq 266 ta holatlarda 396 kg.dan ortiq narkotik, 2262 dona psixotrop tabletkalar hamda 3,6 kg va 43 litr prekursorlar musodara qilindi.
Qayd etish kerakki, respublikamizning qo`shni davlatlar bilan aloqalari yanada mustahkamlanayotgani bojxona xodimlarining mas`uliyatini oshirishni talab qilmoqda. Misollarga murojaat qilsak, Samarqand viloyatida chegara bojxona postida qo`shni davlat fuqarosi 0,7 gr.narkotik moddasini o`zining boshqaruvidagi mashinasiga berkitgan holda yurtimizga olib o`tishga uringan paytda to`xtatib qolindi. Bekobod chegara postida ham 15 kg.ga yaqin geroin narkotik moddalarining respublikamiz hududiga kirishining oldi olindi. Olib kiruvchilarning qo`llagan usullariga ahamiyat bersak, ular narkotik moddalarni temir qutilariga joylab, temir yo`l vagonlarining ostiga magnit bilan mahkamlab qo`yishgan ekan. Ko`rinib turibdiki, yildan yilga qonunbuzarlarning “tajriba va usullari” oshib bormoqda. Bu yo`nalishda bizning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilim va ko`nikmalarini oshirib borishlari kerakligini davrning o`zi taqozo etmoqda.














