O`zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O`zA tomonidan keltirilgan.
Quyidagilar O`zbekiston Respublikasi soliq ma`muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo`nalishlari hisoblanadi:
birinchidan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to`lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko`rsatishga yo`naltirilgan idoraga aylantirish, har bir xodim tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq to`lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so`zsiz bajarish;
ikkinchidan, eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to`lovchilar o`z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to`lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta`minlash;
uchinchidan, soliq ma`muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo`l qo`ymaslik bo`yicha preventiv va oldini olish choralarini qo`llash;
to`rtinchidan, soliq to`lovlarining o`z vaqtida va bir xildagi tushumini ta`minlash, ma`muriy tartib-taomillarni maksimal darajada kamaytirish va soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga byudjetlarning daromad qismini barqaror shakllantirish;
beshinchidan, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma`lumotlarni to`liq yig`ish va qayta ishlashni ta`minlaydigan zamonaviy, ilg`or axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish choralarini yanada kuchaytirish;
oltinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, davlat soliq xizmati organlarining strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o`z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivasiyasi tizimini joriy etish.
Belgilanishicha, 2019 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko`rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari uchun yagona soliq to`lovini, yagona er solig`ini, yuridik shaxslardan er solig`ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma`lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklarasiya qilinadigan daromadlar bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ini hisoblash tarzida soliq to`lovchilarga servis xizmatlari ko`rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to`lovchining “shaxsiy kabineti” orqali xabarnoma yuboradi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bir oy muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg`or tajribasini o`rganish yakuniga ko`ra tashqi ma`lumotlar va soliq to`lovchilarning deklarasiyalari asosida davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblanadigan soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar ro`yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlaydi.
Belgilab qo`yilishicha, 2018 yil 1 iyuldan:
davlat soliq xizmati organlari xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatida o`tkazilgan xronometraj natijalariga ko`ra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizasiyasidan kamaytirib ko`rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko`rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to`lashdan bo`yin tovlash sifatida malakalanadi;
uchinchi shaxslar tomonidan soliq to`lovchi-jismoniy shaxs uchun to`langan soliq summasi soliq to`lovchining soliq solinadigan daromadi hisoblanmaydi;
davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblash uchun asos bo`ladigan ko`zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to`lovchilarning pasportlashtirilishini yuritadi.






