AsosiyJamiyat

Javobgarlikdan ozod qilish muddatlari qisqartirildi

'Javobgarlikdan ozod qilish muddatlari qisqartirildi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisida senatorlar “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunini ma`qulladi.

Mazkur masala yuzasidan ma`ruza qilgan Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi B.Matmurodov qonun 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash yuzasidan ishlab chiqilganini ta`kidladi.

Qonun bilan ko`plab qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.

2017-2021 yillarda Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ko`rsatilganidek, jinoiy javobgarlikka tortish muddatining o`tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish muddatlari qisqartildi.

Unga ko`ra, agar jinoyat sodir etilgan kundan boshlab quyidagi muddatlar:a) ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab – ikki yil;b) uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab – to`rt yil; v) og`ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab - sakkiz yil; g) o`ta og`ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab – o`n to`rt yil o`tib ketgan bo`lsa, shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Agar ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan yoki uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab o`n yil, og`ir yoki o`ta og`ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab yigirma besh yil o`tgan bo`lsa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Jinoiy tajovuzdan jabrlangan shaxslar huquqlari himoyasini amalda ta`minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlar mansabdor shaxslarining mas`uliyatini oshirish maqsadida jinoyatni hisobdan olishdan qasddan yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Ushbu qonun O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, 1 ta konstitusiyaviy qonuniga, 11 ta kodeksiga, 68 ta qonuniga va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1 ta qaroriga o`zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi 84 moddadan iborat.

Qonunlarga kiritilgan yuqoridagi kabi va boshqa yangiliklar, o`zgartish va qo`shimchalar bugungi kun talablaridan kelib chiqib, jamiyat va davlat rivojlanishining eng dolzarb masalalarini qamrab olgan.

    Boshqa yangiliklar