Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisida so`zlagan O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov O`zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan delegasiya almashinuvi natijasida yanvar-may oylarida 33 biznes-forum tashkil etilganini qayd etdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ushbu davrda 200 taqdimot va davra suhbatlari takshil etilib, O`zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida ma`lumotlar berildi.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston investisiya imkoniyatlari haqida 290 material chop etildi. Ular orasida Evropa, Osiyoning rivojlangan davlatlari, AQSh va boshqa mamlakatlarning etakchi OAVlari bor.
O`zbekistonning diqqatga sazovor turistik manzillari haqida 13 davlatning 29 telekanali orqali qo`rsatuvlar namoyish etildi.
Bunday chora-tadbirlar natijasida, shuningdek O`zbekistonga ayrim davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani, viza muddatlari uzaytirilgani yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini kuchaytirdi. O`tgan besh oyda O`zbekistonga 2,2 milliondan ortiq xorij fuqarolari tashrif buyurdi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 93 foizdan ko`proqdir.
O`zbekiston turistik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ziyorat turizmini chuqurlashtirish va kengaytirish ustida ish olib borilmoqda.
Shuni ham qayd etib o`tish kerakki, murojaatlar va ular bilan ishlash dolzarb masaladir. Bu borada Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilning o`tgan davrida Prezident virtual qabulxonasi orqali mingga yaqin murojaat kelib tushgan. 700 dan ziyodi belgilangan tartibda hal etilgan, qolganlari ko`rib chiqilmoqda.






