O`zbekistonda avtomobillarning oynasini qoraytirishi uchun rasman ruxsat beriladigan bo`ldi. Hukumatning tonirovka qilingan oynali transport vositalari ekspluatasiyasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to`g`risidagi qaror loyihasi Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyihada Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining 2018 yil 1 iyulidan to`lov asosida jismoniy va yuridik shaxslarning qoraytirilgan oynali engil transport vositalari ekspluatasiyasiga doir taklifini tasdiqlash taklif etilgan.
Hujjatga ko`ra, avtomobil orqa oynasining yorug`lik o`tkazuvchanligi 5 foizdan kam bo`lmasligi kerak, orqa o`rindiqning yon tomonlaridagi oynalarning yorug`lik o`tkazuvchanligi esa 30 foizdan kam bo`lmasligi ko`zda tutilgan. Tonirovkani o`rnatish IIV qoshidagi "Innovasion loyihalar va aholiga xizmat ko`rsatish markazi" tomonidan davlat standartiga ko`ra ishlab chiqilgan va tasdiqlangan tartibda amalga oshiriladi. Davlat standarti Yo`l harakat xavfsizligi davlat xizmati bo`limlari tomonidan 1 yil muddatga beriladigan ruxsatga asoslanadi.
O`z o`rnida engil transport vositalari old oynasining yuqori qismida kengligi 14 santimetrdan oshmagan 30 foizdan kam yorug`lik o`tkazuvchi chiziqlarni o`rnatish uchun ruxsat talab etilmaydi.
Tonirovkani o`rnatishga ruxsat olish uchun to`lovlar stavkasi jismoniy shaxslar uchun — eng kam ish haqining 90 barobari (15,5 mln so`m), yuridik shaxslar uchun esa EKIHning 120 barobarini (20,6 mln so`m) tashkil qilishi mumkin. Xorijiy mamlakatlarning yuridik shaxslari uchun to`lov EKIHning 140 barobari (24,1 mln so`m) miqdorida bo`lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlarning oynasi qoraytirilgan transport vositalarining O`zbekistonga kirishi va uning hududi bo`ylab tranziti uchun 15 dollar miqdorida yig`im undirish taklif qilinmoqda.






