1

"Yoshgina kelin qilmay, mengina o`lay!"

Mutolaa 29.06.2018, 15:50
"Yoshgina kelin qilmay, mengina o`lay!"

O`g`lim o`qishni bitirdi-yu, ko`nglimga g`ulg`ula tushdi. Tengqurlarimning biri qo`yib biri, kelin olib, qiz uzatayotgani qalbimdagi havas torlarini chertib yubordi-da! “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Mehri xola yodingizdami? Xuddi o`sha ayoldek men ham yonimda sochlari taqimini o`padigan, chaqqongina kelinim etti bukili-ib choy uzatayotganini tasavvur qildim. Axir, uch erkakning osh-ovqati, kiyim boshidan tashqari qo`radagi qo`ylaru katakdagi tovuqlarning tashvishi ham mening bo`ynimda bo`lgach, qaynonalik martabasini orzu qilaman-da...

Hay, mayli chalg`imay, aslida, gap bu haqda emas.

Hamkasb dugonalar bir oyda bir diydorlashamiz – “gap”da! O`g`lim institutni tamomlashiga bir oy qolganida shulardan maslahat so`radim. “Qanday qizni kelin qilgan ma`qul?” deya.

– Voy, Sojidaxon, kelin qilsangiz, yoshginasidan tanlang. O`n oltimi, o`n etti yoshda bo`lsin. Egib olishingiz oson-da, o`rgilay. O`qimishli, sal yoshi kattarog`i aqlini tanib qo`ygan bo`ladi, bo`yin egishi qiyin. Yoshginasi hali g`o`r, o`zingiz pishitib, maktabingizda o`qitib olasiz. Hamma aytganingizni bir zumda bajaradi, – deb maslahat bera boshladi bo`yni marvaridga to`la gapboshimiz Tursunoy. – Mana, men Kamolaxonnio`n olti yoshida kelin qilganman. Shukur, ko`z qarashimdan nima deyishimni sezadi. Yoshrog`ini qo`lga o`rgatish oson-da, aylanay.

– Hm, mengayam onam shunday degandilar, – gapni ilib ketdito`rt o`g`li bor Lazokatxon, – ikki kelinimni o`n olti yoshida tushirganman. Endi uchinchisiga navbat, yana yoshginasini izlayapman.

– Voy, o`rgilaylar, hatto 18 yoshli qiz ham hali bola-ku! O`zingizni qiynab nima qilasiz? O`qigan, ishlagan, past-balandni ko`rgan, muomalani bilganidan olish kerak. Unga ish o`rgataman, deb o`zingiz tamom bo`lmang tag`in, – gapga aralashdi Sapuraxon.

– Hech-da, mening kelinimni ko`rgansiz-ku, hamma ishni o`zi bilib-bilib qiladi. Qaytanga yoshi kattasi, o`qimishlisi, bir gap aytsangiz o`ntasini qaytarib turadi, – tag`in o`zinikini ma`qulladi Tursunoy.

Xulosa shu bo`ldiki, yoshroq kelin tanlagan ma`qul ekan. Dugonalarimning maslahatidan so`ng qaynsinglimga yoshroq qizlardan toping, dedim. O`g`lim ham 22ga kirib qo`ydi, axir.

Qaynsinglim topgan nomzodni ko`rgani bordik. Kelin bo`lmish Asal ismli qiz ekan. Uyida ikki farzandning to`ng`ichi. U menga bir ko`rishdayoq manzur bo`ldi. Mayingina jilmayib, salom berishidan boshim aylandi-ey! Ota-onasi ham bama`ni odamlar ekan. Eng muhimi, yoshi o`n ettida!

– Bersangiz ham, bermasangiz ham qizingiz bizniki, endi. Kelinoyim rosa yaxshi ayol. O`g`illari tilla, – deb ta`rifimizni keltirdi qaynsinglim.

Bu yog`i tezlashib ham ketdi. O`g`limga men tanlagan qiz yoqdi. Bolam bilan didimiz birligidan quvonib to`yni boshlab yubordik. Kattayu kichikning menga havas bilan boqishini o`ylab, ich-ichimda shirin entikib qo`yardim.

To`y marosimlari yakuniga etgach, Asalni yonimga o`tqazdim-da, oilamizdagilarning odatu fe`l-atvorini birma-bir o`rgata boshladim.

– Kimga nima yoqishini bilib oling, qizim. Xo`jayiningiz ertalab qahva ichadi. Kichik qayningiz esa shirchoy. Qaynotangizga ham shirchoy tayyorlaysiz. Men tanlab o`tirmayman. Nonushtaga shirinlik bo`lishi shart! Oshxonada hamma narsa bor. Pishir-kuydirga erinmang.

Kelinimdan o`rgilay, qo`lini ko`ksiga qo`yib, “xo`p bo`ladi”, dedi ibo bilan. Adashmabman-a, qaynona bo`lish qiyin emas ekan-u... Chindan ham, yoshgina bo`lsa, ko`niktirish oson kecharkan. Voy, qo`limdan yumushimni oldi-ya, har kungi uy tozalash, idish yuvish, kir yuvish tashvishidan qutuldim.

Navbatdagi “gap”imizga ketarkanman, kelinposhshaga uy ishlaridan tashqari yana bir vazifani topshirdim.

– Erkaklarning hammasi band. Mana bu uzumni xomtok qilib qo`ying, xo`pmi?

– Oyijon, xomtok nima degani-i? – asta so`radi kelinim. Hovlida katta bo`lmagan-da, baribir...

– Ha, barglarini tozalab tashlaysiz, – degancha sollana-sollana darvozadan chiqdim.

Kutganimdek dugonalarim kelinim haqida so`rashdi.

– Qalay, yangi kelin? O`rgatib oldingizmi? – gap boshladi Tursunoy.

– Ha-a, ko`z tegmasin! Hammasini bajaryapti, – dedim biroz kerilib (kelinli to`kisman-da!).

– Men sizga yoshidan tanlang, adashmaysiz, devdim-ku! Baribir tajribamiz borda-a...

Gapdan qaytarkanman, hovliga kirishim bilan hayratdan yoqa ushladim. Tom baravar bo`y cho`zgan tok novdasida birorta ham barg qolmagandi. Ortimdan qisqa-qisqa yo`talib kelgan umr yo`ldoshim gap qotdi:

– Nima bo`ldi, xotin? Kelinga nima devding?

– Xom...tok... qiling degandim… – tilim aylanmay arang gapirdim.

– E, o`l, aytmay! O`zim qilardim, ishdan kelib. Bu ko`p qavatli uyda o`sgan bo`lsa, xomtokni biladimi? Barglarini yulib tashlash kerak, debsan, hammasini bitta qo`ymay yulib tashlabdi, buning, – dedi erim tishlarini g`ichirlatib. – Bu yilgi uzumni tushingda ko`rasan, endi!

– Asalxon! – chaqirganimda ovozim balandlaganini payqadim. Oshxona tarafdan yugurib kelgan kelinim qo`li ko`ksida egilib ta`zim bilan salom berdi.

– Bu nima qilganingiz?!

– Oyijon, xomtok qiling, deganingizga… so`rasam barglarini yulasiz, dedingiz, yulib…

– O`ldiribsizku-u, uzumni... e… – qarg`ishim ichimda qoldi. Chindan ham ayb o`zimda edi. Tushuntirmagan o`zim nodon.

Oradan bir oy o`tdi. Dugonalarim bilan diydor fursati etdi.

– Asalxon, men gapga ketyapman. Anavi tovuqlarni qarang, kir suvga borishganmi, hamma yog`i iflos bo`lib ketibdi. Bi-ir patlarini tozalang, xo`pmi?

Kelinim yana qo`li ko`ksida “Xo`p bo`ladi, yaxshi borib keling”, deya kuzatib qoldi.

“Gap”dan qaytib, darvozadan kirarkanman, ne ko`z bilan ko`rayki, chaqqon kelinim katakdagi to`rtta tovuqning patini yulib, bo`g`ziga pichoq tortib, qozonga bosishga tayyor qilib qo`yibdi. Boshimdan tutun chiqib ketgandek bo`ldi.

– Nima qildingiz? – baqirib yubordim bu gal.

– O`zingiz patini tozalang, deb...

– E-e, befarosat! Tozalang degani, patini yul, deganimi?! Yuvintirib qo`yish kerak edi, axir. Voy mangina o`lay, tushunmagan g`alchani kelin qilibman-ku! Yosh bolani kelin qilmay o`lay… g`irt yosh bola-ya, bu... – jag`im-jag`imga tegmay javrayotganim ustiga singlim kelib qoldi.

– Ha, opa, tinchlikmi, buncha jig`ibiyronsiz?

– Qara, to`rtta tovug`imning boshiga etibdi. Tozala, desam bir yo`la patini yulib tashlabdi. So`yib…

– Men aytgandim, sizga, yoshini kelin qilmang, ko`p narsani bilmaydi, qiynalasiz, deb. Mana, endi, o`zingizdan ko`ring.

Singlim shu gap bilan og`zimni yopdi-qo`ydi. Erim bilan o`g`lim kula-kula tovuq-kabob qilib berishdi. Men esa... zahri-mahrimga kabob edim.

Oradan bir necha oy o`tdi. Bu orada kelinim “yuk”li bo`lganini eshitib, o`zimda yo`q quvondim. Tovuq voqeasidan keyin unga tushunmaydigan ishlarini buyurmay qo`ygandim.

Kuzning so`nggi oyi. Dadasi va o`g`lim shahar markaziga ish bilan ketishgan. Kenjam o`qishda. Biroz tobim qochib, lohas bo`la boshladim. Ko`rpa-to`shak qilib o`ranib yotib oldim. Bir mahal qo`radagi qo`ylarning ma`rashi asabimga tega boshladi. Chidolmadim.

– Asal, – deb chaqirdim.

– Labbay, oyijon?

– Anavi qo`yxonaning yonida qopda bug`doy kepak turibdi. Oling-da, qo`ylarga bering. Ustiga suv soling. Qorni ochgan shekilli, tinmay ma`rashyapti.

– Xo`p bo`ladi, – degancha kelinim ishga tutindi.

Oradan ancha vaqt o`tdi. Hech daragi bo`lavermadi. Nima gap ekan, deb sekin qo`yxona tomon bordim. Ne ko`z bilan ko`rayki, qo`ylar hansirab og`ir-og`ir nafas olar, bitta-bitta erga ag`anay boshlagandi. Naq beshta qo`y…

– Voy, sho`rim qursin! Voy, mangina o`la-ay!!! Nima qib qo`ydi-ing?!

– Qopdagi bug`doyni berdim. Eb bo`lishgach, idishiga (oxurni ham bilmaydi) shlangda suv solib berdim.

– Voy, o`ldirdingizku-u, dadangiz kelsa, meni naq so`yadi-ya! Boring darvozani oching, bo`ktirib qo`yibsiz!

Kasalligim ham esimdan chiqib ketdi. Qo`shnining o`g`lini chaqirdim. Ikkimiz butun mahallada tomosha bo`lib beshta qo`yni yugurtirdik… E, yosh kelin qilmay mangina o`lay… Chindan ham bola ekan, bola!

Dadasidan eshitmagan so`kishim qolmadi, o`ziyam. Bosh eggancha turaverdim, ayb o`zimda, axir...

E, xullas, dugonalarimning so`ziga kirib, 17 yoshli qizni kelin qilganimga pushaymon bo`ldim. Kelinim yomonmas, ammo singlim aytganidek hali juda yosh. Mana, tunov kuniyam, sakkiz oylik homilasi bilan narvondan tomga chiqib ketibdi. Hay-haylab arang tushirib oldim.

– Voy oyijon, antenna yaxshi ko`rsatmay qoluvdi-da… tuzatay degandim, – deydi qornini qashlab.

Xullas, ikkinchi o`g`limga 20 yoshdan oshganroq qizlardan izlayapman. Qaynona bo`lishga hozirlik ko`rayotganlarga aytar so`zim, kelin qilmoqchi bo`lsangiz, yigirmaga etmaganini olmang. Yoshgina qizni kelin qilib olib, tag`in mening holimga tushib yurmang...

Saida Ishoqjon qizi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1