Fuqaro Gaynijamol Abduvalieva 41 yildan buyon Toshkent viloyati Yangiyo`l tumani Muqimiy nomidagi mahallaning Bunyodkor ko`chasida 45-uyda yashab kelmoqda. Ammo uning mazkur uy-joyga egalik huquqini belgilovchi hujjati yo`qligi bois, qariyb yarim asrdan beri ushbu muammodan aziyat chekadi.
Gap shundaki, bundan 44 yil muqaddam, aniqrog`i, 1974 yil 1 iyunda G.Abduvalieva ushbu uy-joyni fuqaro Sh.Sulaymonovadan 1000 rublga sotib olgan. O`sha paytlar o`zaro kelishuvga binoan guvohlar ishtirokida sotib olingan uy fuqaro Sh.Sulaymonovaning turmush o`rtog`i S.Ablyazizovning nomida ekani, qolaversa, ushbu oila o`z yurti Qrimga ko`chib ketgani bois, tegishli notarial hujjatlarni imzolash imkoni bo`lmagan. Noiloj G.Abduvalieva oradan 3 yil o`tib, yangi uyiga ko`chib o`tgan va mana, 41 yildirki, ushbu uyda yashab, barcha kommunal va soliq to`lovlarini o`z vaqtida to`lab keladi.
Uyning oldi-sotdisi, uni farzandlarga meros qoldirish, ro`yxatda turish, xullas, uy bilan bog`liq har qanday harakat uchun hujjat zarur. G.Abduvalievada esa o`sha hujjat yo`q. Shularni o`ylab, fuqaro G.Abduvalieva sudga murojaat qilgan. Uning uyga egalik huquqini belgilashni so`rab yozgan arizasi 2018 yil 14 may kuni Fuqarolik ishlari bo`yicha Zangiota tumanlararo sudi tomonidan ko`rib chiqilgan va sudda fuqaroning da`vo talabi rad qilingan. Shundan so`ng fuqaro G.Abduvalieva Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudiga qayta murojaat qilgan.
Yangiyo`l shahar hokimligida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida ushbu murojaat yuzasidan ochiq sayyor sud majlisi o`tkazildi. G`.Vohidov raisligida o`tgan sud majlisida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasi Fuqarolik ishlari bo`yicha Zangiota tumanlararo sudining 2018 yil 14 maydagi hal qiluv qarorini bekor qilib, G.Abduvalievaning uy-joyga egalik huquqini belgilash haqidagi da`vo talabini qanoatlantirish yuzasidan ajrim chiqardi.
Inson ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o`z hayotidan rozi va mamnun bo`lib yashashi kerak. Prezidentimiz ilgari surgan ushbu g`oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o`laroq, G.Abduvalieva ham o`z uyining huquqiy jihatdan haqiqiy egasiga aylandi. Odil sud hukmi bilan yana bir fuqaroning bugungi kunidan roziligi ta`minlandi.






