AsosiyJamiyat

Qayta ko`rib chiqilgan soliq stavkalarida qanday o`zgarishlar bo`ladi?

'Qayta ko`rib chiqilgan soliq stavkalarida qanday o`zgarishlar bo`ladi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.

"Huquqiy axborot" kanalii bergan ma`lumotga ko`ra, mazkur Farmonga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

a) mehnatga haq to`lash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytiriladi:

barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamg`arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo`naltirish. Bunda, fuqarolarning ayrim toifalari uchun eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;
fuqarolarning mehnatga haq to`lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga ushlab qolinadigan sug`urta badallarini bekor qilish;
byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg`armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ko`proq bo`lgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to`lov miqdori 25 foiz etib, qolgan yuridik shaxslar uchun 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilgan stavkada belgilash;
b) ikkinchidan, aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqlarni optimallashtirish bilan umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar to`lovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga o`tish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtiriladi:

davlat maqsadli jamg`armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish;

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko`rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun, rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo`shimcha foyda solig`i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish;

dividendlar va foizlar ko`rinishidagi daromadlar bo`yicha to`lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig`i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish;

o`tgan yil yakunlari bo`yicha yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so`mdan oshgan yoki joriy yil davomida ushbu belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tkazish. Bunda, yillik aylanmaning (yalpi tushumning) 1 milliard so`m etib belgilangan chegaraviy miqdori har 3 yilda kamida bir marta qayta ko`rib chiqiladi;

barcha tadbirkorlik sub`ektlari, shu jumladan, aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so`mgacha bo`lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig`i, er solig`i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;

qo`shimcha foyda solig`ini hisoblash va to`lash tartibini, shu jumladan, royalti to`lashni joriy etish orqali takomillashtirish;

v) uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi bo`yicha soliq to`lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta`sirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan, ilgari xususiylashtirilgan ob`ektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun yuqori stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda 5 foizdan 2 foizga pasaytirish;

yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so`mgacha bo`lgan soliq to`lovchilar uchun aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to`lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo`shilgan qiymat solig`ini to`lash imkoniyatini belgilash;

yagona er solig`i to`lovchilari uchun amaldagi soliq solish tartibini saqlab qolish.

g) to`rtinchidan, qo`shilgan qiymat solig`i va aksiz solig`ini hisoblash va to`lash tartibi quyidagilar orqali takomillashtiriladi:

qo`shilgan qiymat solig`ini to`liq hisobga olish tizimini joriy qilish, soliq solish bazasini aniqlashtirish va imtiyozlar sonini kamaytirish, shuningdek, 2019 yil yakuni bo`yicha mazkur soliq stavkasini pasaytirish orqali qo`shilgan qiymat solig`ining 20 foiz miqdordagi amaldagi stavkasini saqlab qolish;

hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan ob`ektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo`shilgan qiymat solig`ini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish;

tegishli tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag`larni respublika byudjetiga o`tkazish yo`li bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning xar bir ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga o`rnatilgan aksiz va yig`imlarni birlashtirish.

Farmon bilan shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarini bekor qilish bo`yicha ishchi komissiya tarkibi tasdiqlandi.

Komissiyaga:

2018 yil 1 noyabrga qadar samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarini bekor qilish, Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq doimiy amalda bo`ladigan soliq hamda bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibini joriy qilish bo`yicha takliflar tayyorlash;

2018 yil 1 dekabrga qadar yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini Xalqaro valyuta jamg`armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda ishlab chiqish yuklandi.

Farmonda qayd etilishicha yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etilgan faoliyat turlarini tanqidiy ko`rib chiqiladi va qisqartiriladi.

Mutasaddi tashkilotlarga 2018 yil 1 avgustga qadar 2019-2021 yillarga mo`ljallangan O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozini ishlab chiqishni ta`minlash topshirildi. Ta`kidlab o`tish lozimki shu paytgacha makroiqtisodiy ko`rsatkichlar faqat 1 yilga mo`ljallab tuzib kelinar edi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasiga 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda davlat mulki bo`yicha ijara to`lovlarining minimal stavkalarini har bir hududning o`ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta ko`rib chiqish yuklandi.

    Boshqa yangiliklar