AsosiyJamiyat

«O`zbekipaksanoat» 2023 yilgacha bir million kishining bandligini ta`minlaydi

'«O`zbekipaksanoat» 2023 yilgacha bir million kishining bandligini ta`minlaydi'ning rasmi

«O`zbekipaksanoat» uyushmasi 2023 yilga qadar jami bir million kishining bandligini ta`minlashni rejalashtirmoqda. O`zA xabariga ko`ra, ayni vaqtda uyushma kasanachilikni ikki yo`nalishda rivojlantirish chorasini ko`rmoqda.

Birinchidan, aholi yiliga uch marta pilla boqishga jalb etilmoqda. Yildan-yilga pilla boqish hajmi oshib, uni parvarishi bilan ko`proq insonlar shug`ullana boshlaydi. Misol uchun, 2023 yilga borib, yiliga 500 ming quti ipak qurti boqilsa, buning uchun 500 mingta xonadon jalb etiladi.

Etishtirilgan hosil yig`ilgach, ikkinchi bosqich boshlanadi, ya`ni pilla korxonaga topshirilgach, qayta ishlangan toladan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga hunarmand kasanachi oilalar jalb etiladi. Shu tariqa, pilla ishlab chiqarish qanchalik kengaysa, kasanachilik ham yuksalib boraveradi.

Demakki, ko`pchilik oiladan, farzandlar tarbiyasidan uzilmagan holda, ishlab pul topish imkoniga ega bo`ladi. Ular ish qidirib, sarson bo`lmaydi, balki qo`lida hunari va cho`ntagida puli bo`ladi.

Ayni vaqtda esa uyushma pilla ozuqa bazasini kengaytirish, onalik tutzorlarni barpo etish va yangi tut navlari yaratish borasidagi izlanishlarni qo`llab-quvvatlamoqda. Buni hududlarda o`tkazilayotgan ilmiy-amaliy seminarlar misolida ham kuzatish mumkin. Ulardan biri – Marhamat tumanidagi «Ipak» fermer xo`jaligi tut plantasiyasida o`tkazildi.

– Har bir viloyatda 30 gektar maydonda onalik tutzor tashkil etish maqsadida 22ta fermer xo`jaligi tuzildi, – deydi «O`zbekipaksanoat» uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari Asan Jarasboev. – Mavjud tutzorlardan bir ming besh yuz kilogrammdan ziyod tut urug`i yig`ib olingan bo`lib, hozirda 62 gektarda urug` qadaldi. Yana 30 gektar er tayyorlab qo`yilgan. Xorijdan ham urug` keltirib, 500 gektardan ko`proq sug`oriladigan maydonda ekiladi.

Seminarda «Ipak» fermer xo`jaligi rahbari A.Musurmonqulov yaratgan «Marhamat» tut navining afzalliklari, o`sish jarayonlari haqida ko`rgazmali chiqishlar qilindi.

– Bu navning barglari yirik bo`lib, u meva bermaydi, – deydi A.Musurmonqulov. – Hozirda bir gektar tutzordan olingan barg 8-10 quti ipak qurtini boqishga etayotgan bo`lsa, yangi nav ko`magida bir gektardan olingan hosil bilan 30 quti ipak qurti parvarishlay olamiz. Tezroq hosil olish maqsadida uni eski daraxtlarga payvandtag qilish usuli bilan ko`paytirish mo`ljallanmoqda.

    Boshqa yangiliklar