AsosiyJamiyat

Qiz bolani erta erga bermang...

'Qiz bolani erta erga bermang...'ning rasmi

Birinchi Prezidentimizning kitobini varaqlay turib, bundan bir necha yillar muqaddam viloyatlardan biridagi safari chog`ida aytgan so`zlarini o`qidim: “Qiz bolani erta erga bermang. Agar mening shu iltimosimni qabul qilsangizlar, men sizlardan umrbod rozi bo`laman. Qiz bolani kollejni bitirmasdan, hunar egallamasdan turib, kimki turmushga bermoqchi bo`lsa, bilib qo`yinglar, buni uzoqni ko`ra bilmaslik, kaltabinlik deb hisoblayman. Qiz bola avval kasb egallasin, o`z fikriga ega bo`lsin, hayotni anglasin. Shundan keyin u hayotda o`zining munosib o`rnini topadi, jamiyatimizning faol a`zosiga aylanadi, ertaga u quradigan oila ham mustahkam bo`ladi. Bu mening eng katta orzuim va tilagimdir”.

O`zingiz o`ylab ko`ring, mana shu so`zlar har qanday odamni o`yga toldiradimi? Atrofiga ziyraklik bilan boqishga undaydimi? To`g`ri, yurtimizda baxtli oilalar ko`p. Ularni ko`rib quvonasan. Afsuski...

Opa-singil quda bo`ldi. To`ydan bir oy o`tib kuyov bola ajrashgani ariza yozgani kelyapti. Boshqa sevgani bor ekan. “Quda tutinsak, yanayam yaqin bo`lamiz” deb o`ylagan opa-singil yuz ko`rmas bo`lib ketyapti.

Yana bir xonadonda xali hayotning past-balandini ko`rib ulgurmagan qiz kelinlik libosini kiyyaptiyu ikki oy o`tib og`rib qolgach, ota-onasinikiga ketmoqda. Kuyov “ajrashaman” deydi. Surishtirsangiz, arzimagan sabablar...

Ba`zi og`zi polvon yigitlarimiz ota-onasining ra`yiga qarab kelinchakda ko`ngli bo`lsa ham javobini berib yuborayotir. Mahalla otinoyisining beparvoligini ko`rib, hayron qolasiz.

Yarashtirish komissiyasida kechagina apoq-chapoq bo`lgan qudalarning, bir-biriga shirin jilmayib turgan kelin-kuyovlarning oilaviy mojarolar oqibatida gapirayotgan so`zlarini eshitsangiz, yoqa ushlaysiz.

Ish tajribamda mana shunday misollarga juda ko`p duch kelaman. Erta nikoh oqibatida hali yoshlarning oila qurishga tayyor emasligi, bir-birini yaxshi tushunmasligi, fe`lu atvoridagi ziddiyatlar yaqqol ko`zga tashlanib qoladi. Kelinning orqasidan keladigan yo`qlovlarning ozu ko`pligiga qarab to`n bichadiganlar bor. Ma`zar, somsa-patir qaynonaning ko`ngliga yoqmapti, emish. O`zingiz ham bir paytlar kelin bo`lgan edingiz, eslaysizmi, deyish kerakmi?

Obdon tahlil qilsak, qizlarimiz boshqa uyga borgandan keyin tez-tez og`rib qolayotganligini ham eshitamiz. Ana o`shanda qaynona-kelin bir-birini tushunmaydi. “Kelinlik vazifasini bajara olmayapti” degan iddaolar yuzaga chiqadi. Aynan erta nikoh qurboni bo`lmish qizaloqning yangi oilaga ko`nikmayotganligi tufayli ham ajrimlar soni ortib borayotir.

Shu o`rinda “Oila markazi”, xotin-qizlar qo`mitalari, mahalla fuqarolar yig`ini – mana shu “uchlik” zimmasiga juda katta yuk tushadi. Tushuntirish, targ`ibot, maslahat berish bilangina ish bitsa koshki edi. Biz erta nikoh, uning oqibatida ro`y berayotgan ajrimlarning oldini olish masalasiga nihoyatda jiddiy e`tibor bermasak bo`lmaydi. Buni shunchaki “har kungi gap-da” deya qabul qilmasligimiz zarur. Turmushning achchiq-chuchugini ko`p totigan nuroniy otaxon va onaxonlar bizning chinakam madadkorlarimizdir. Keling, maktabda, oilada, mahallada, mehnat jamoalaridahayotimizga dog` bo`lib tushayotgan mana shu masalaga kengroq yondashaylik.

Mustahkam oilalarimiz ko`paysa, qizlarimiz baxtli xonadonlarning bekalari bo`lsalar, nur ustiga nur. Yigitlarni ana shu baxt qo`rg`onini asrab-avaylashga o`rgataylik. Kelinchak bosh egib ta`zim bilan kirgan yangi uyining ostonasidan yana boshini egib chiqib ketmasin.

Nodiraxon OMONBOEVA,

fuqarolik holati dalolatnomalarini

yozish tizimi xodimasi.

    Boshqa yangiliklar