Sud oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish bilan adolatni qaror toptiruvchi yagona mahkamadir. Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar tufayli keyingi vaqtda jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan bir necha shaxslarga oqlov hukmlari chiqarilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq jinoyat ishlari bo`yicha oqlov hukmlari ko`paymoqda.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudi apellyasiya sudlov hay`ati ochiq sud majlisida “Rauf Aziz” xususiy korxonasi ta`sischisi va rahbari Avazxon Turg`unbaev va “Rauf Aziz” xususiy korxonasining keyingi rahbari Umidjon Inomovlarga nisbatan jinoyat ishi ko`rilib, ularga nisbatan jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining 2017 yil 13 iyulda chiqargan ayblov hukmi bekor qilindi.
Sudning hukmiga ko`ra, sudlangan A.Turg`unbaev va U.Inomovlar 2009 yil 19 yanvardan 2016 yil kuz oyiga qadar “Rauf Aziz” xususiy korxonasi tashkil etib, o`zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo`lib, noqonuniy daromad orttirish maqsadida, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirgan holda, Namangan shahar Davlat soliq inspeksiyasining xodimi D.Boqieva tomonidan 2009 yil 24 aprelda qabul qilib olinganini tasdiqlovchi imzosini uning nomidan qalbakilashtirib, mazkur qalbaki hujjatni Namangan shahar DSIga taqdim qilgan holda korxonani yagona soliq to`lovchi sifatida ro`yxatga olinishiga erishib, umumbelgilangan tartibdagi soliq va boshqa majburiy to`lovlarni belgilanganiga nisbatan kam miqdorda to`lab, juda ko`p miqdordagi 650 million so`mdan ortiq soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlashgan.
Shuningdek, U.Inomov “Rauf Aziz” xususiy korxonasi rahbari lavozimida ishlab kelib, mulkiy manfaat ko`rish maqsadida korxonada ishlab chiqarilgan 1.682.740.000 so`mlik mahsulotlarni belgilanmagan joylarda naqd pulga sotib, sotuvdan tushgan naqd pul mablag`larini nazorat kassa mashinasiga kirim qilmasdan va bank muassasasiga topshirmasdan, ushbu mablag`larni ishchi va xodimlarga ish haqi sifatida to`lab berib, savdo qoidasini qasddan juda ko`p miqdorda buzgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudi apellyasiya sudlov hay`atining 2018 yil 19 iyundagi ajrimiga ko`ra, sud hukmi bekor qilinib, A.Turg`unbaev va U.Inomovlar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 184-moddasining 3-qismi, 228-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari va 3-qismi bilan sud muhokamasi o`tkazilgan ish bo`yicha jinoiy hodisa yuz bermagani sababli aybsiz deb topilib, JPK 83-moddasining 1-qismi bilan reabilitasiya qilinib, oqlov hukmi chiqarildi.
Shuningdek, jinoyat ishining U.Inomovni O`zbekiston Respublikasi JKning 189-moddasi bilan ayblash haqidagi qismi bo`yicha U.Inomov JKning 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilindi. Shu bilan birga, dastlabki tergov organi tomonidan “Rauf Aziz” xususiy korxonasi mulklariga qo`yilgan taqiq bekor qilindi.
Muqaddam, A.Turg`unbaev va U.Inomovlar jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining 2017 yil 13 iyundagi hukmi bilan JKning yuqoridagi moddalari bilan aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan sud xukmi o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari oqibatsiz qoldirilgan edi.
Mazkur jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi o`rinbosarini A.Turg`unbaev va U.Inomovlarning shikoyatlari hamda O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining taqdimnomasi asosida o`rganilib kiritgan nazorat tartibidagi protesti asosida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida ko`rib chiqilib, jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining A.Turg`unbaev va U.Inomovlarga nisbatan chiqargan ajrimi bekor qilinib, yangitdan apellyasiya instansiyasida ko`rish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudiga yuborilgan.
- Ish bo`yicha barcha holatlar sinchkovlik bilan, to`la va xolisona tekshirilib, A.Turg`unbaev va U.Inamovlar tomonidan 2009 yil 29 yanvardagi yagona soliq to`loviga o`tishga ruxsat berish haqidagi xabarnomani Namangan shahar Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilingani isbotlanib, qonuniy hukm chiqarildi - deydi jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudining sudyasi R.Arapov. -Darhaqiqat, ayni paytda sudlar tomonidan bunday oqlov hukmlarining chiqarilishi yurtimizda kechayotgan sud-huquq islohotlari samarasidir. Zero, qonun ustuvorligi ta`minlangan jamiyatimizda inson, uning sha`ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyatdir.
M. Sulaymonov, O`zA