O`zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Qarorga muvofiq elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi – «E-VISA» joriy etiladi.
«E-VISA» tizimi:
— xorijiy fuqarolarning kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat etishlarini bekor qilish;
— xorijiy fuqaroni vizani olish uchun murojaatini ko`rib chiqish muddatlarini qisqartirish;
— vizani rasmiylashtirishda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish;
— vizalarning yagona ma`lumotlar bazasini shakllantirish orqali elektron kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari 2018 yil 1 oktyabrgacha bo`lgan muddatda xorijiy fuqarolarning turli toifalariga quyidagi qo`shimcha viza rejimlarini joriy qilish bo`yicha taklif kiritish bo`yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklandi:
— «Silk road» – Ipak yo`li mamlakatlari bo`ylab sayohat qilayotgan turistlar uchun boshqa mamlakatlar viza belgilarini tan olish imkoniyati;
— «Vatandosh» – kelib chiqishi O`zbekistondan bo`lganlar va ularning oila a`zolariga – besh yillik viza;
— «Golden visa» – yirik xorijiy investorlar uchun – o`n yillik viza.






