1

Suvni isrof qilgan fermer xo`jaliklari va fuqarolar jazoga tortildi

Jamiyat 10.07.2018, 17:47
Suvni isrof qilgan fermer xo`jaliklari va fuqarolar jazoga tortildi

Samarqand viloyatida fermer xo`jaliklari tomonidan suvdan samarasiz foydalanish, isrof qilish kabi holatlar aniqlanib, tegishli ta`sir choralar ko`rilmoqda, deb yozmoqda "Zarafshon" nashri.

Ushbu nazorat tadbirlarida 864 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, 75 holatda 15,2 gektar ekin maydonlarini ko`llatib sug`orish, 29 holatda 438 litr/sekund suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizib qo`yish, 601 holatda shartnoma tuzmasdan suvdan foydalanish, 7 holatda belgilangan me`yordan ortiqcha suv olish, 62 ta holatda ruxsat etilmagan joylardan suv olish, 61 holatda suvni o`zboshimchalik bilan egallash, 2 holatda noqonuniy baliqxonalar tashkil qilib, suvni isrof qilish aniqlandi.

Masalan, Narpay tumanidagi "Narpay olti o`g`il dalalari" fermer xo`jaligi a`zolari kanalga o`rnatilgan gidropostni buzib, belgilangan limitdan 200 litr/sekund suvni ortiqcha olgan. "Xadicha Arabboy" fermer xo`jaligida g`o`zani sug`orish uchun ajratilgan 100 litr/sekund suv kollektor-drenaj tarmog`iga tashlab qo`yilgan. "Chinor dala paxtasi" fermer xo`jaligida g`o`zani sug`orish uchun berilgan suv o`zboshimchalik bilan egallanib, 1,5 gektar maydonga ekilgan tarvuz va 1 gektar maydondagi karam paykaliga yo`naltirilgan.

Ishtixon tumanidagi "Umarova Rafoat" fermer xo`jaligiga qarashli 6,8 gektar paxta maydonini sug`orishda suv nazoratsiz qoldirilib, katta miqdordagi obihayot zovurga tashlab qo`yilgan. Bulung`ur tumanida yashovchi fuqarolar A.Ergashev va S.Toshboev esa "Bot-Bot" kanaliga noqonuniy ravishda kichik nasos o`rnatib, piyoz maydonini sug`organ. Toyloq tuman irrigasiya bo`limi nazoratchisi Musratullo Isaev Bog`izog`on kanaliga qum to`ldirilgan xaltalar tashlab, suvni to`sib olgan. Payariq tumanidagi "Turkibola zamini" fermer xo`jaligi a`zolari 8 gektar g`alla maydoniga ruxsatsiz suv qo`ygan, buning ustiga 0,15 gektar maydonni ko`llatib yuborgan.

Bundan tashqari, Urgutning Avaz mergan qishlog`ida yashovchi X.Sarvarov yuqori bosimli suv quvurini o`zboshimchalik bilan teshib, tomorqa er maydonidagi ekinlarini sug`organ. Paxtachining Fay mahallasida yashovchi fuqaro Narpay kanaliga suv nasos o`rnatib, elektr tarmog`iga ruxsatsiz ulanib, tomorqasiga suv ochgan. Kattaqo`rg`on tumanidagi "Omon ota" fermer xo`jaligi 8 gektarlik g`o`za maydonini e`tiborsizlarcha sug`orib, 0,32 gektar maydonni ko`llatib yuborgan.

O`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida suvdan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`ygan shu kabi 60 nafar shaxsga 15 million 573 ming so`m jarima jazosi qo`llanildi.

Eslatib o`tamiz, joriy yil qishda yog`ingarchilikning me`yordan ancha kam bo`lgani suv ta`minotida taqchillikni yuzaga keltirdi. Jumladan, viloyatdagi suv omborlarida zaxira suv o`tgan yildagidan 377 million metr kub kam to`plandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1