O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetiga kirishi imtihonlarida tarix fani bo`lmaydi. Bu haqda universitet matbuot kotibi O`zAga ma`lum qildi.
«Eng katta yangilik bu — ikkinchi blokdagi tarix fani olib tashlanib, o`rniga ijodiy imtihon qo`yilganidir», degan u.
Ma`lum bo`lishicha, ijodiy imtihonlar ikki bosqichda – birinchi bosqichida soha mutaxassislari ishtirokida og`zaki suhbat o`tkazilsa, keyingi bosqichda esa abiturientlar berilgan topshiriq bo`yicha ijodiy ish yozishlari talab qilinadi.
Ijodiy imtihonlarda jurnalistika sohasini tanlagan abiturientning nutqi ravonligi, fikrining aniq va lo`nda bildira olishi muhim omillardan biri sifatida qaraladi.
Ijodiy imtihonning umumiy bali 63 ball (2.1x30). Imtihonning og`zaki sinoviga eng yuqori – 26 ball qo`yilishi belgilangan bo`lsa, yozma imtihon uchun 37 ballgacha baholanadi. Yozma imtihonda abiturientning muayyan bir mavzuni qanchalik mohirona yoritib bera olish salohiyati sinovdan o`tkaziladi.
Bu yilgi ijodiy imtihonlar ikki kun – 17-19 iyul kunlari o`tkaziladi. Birinchi kuni og`zaki imtihon bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, shu kungacha jurnalistika fakultetlariga kirish uchun abiturient ona-tili, tarix va chet tili fanlari hamda ijodiy imtihondan o`tishi kerak bo`lardi.






