Buxoroda o`zini «erkak» qiyofasiga o`zgartirib, qo`shnisining 10 million so`mdan ortiqroq tilla taqinchoq va pullarini qo`lga kiritgan ayolga nisbatan sud hukmi o`qildi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.
M.Adizova (ism-shariflar o`zgartirilgan) Shofirkon tumani «Kalon» mahalla fuqarolar yig`ini «Kalon» qishlog`ida yashovchi qo`shnisi O.Ortiqovaga «Rustam» ismli yigit uni yaxshi ko`rib qolganligini aytib, so`ng telefon orqali unga o`zini «Rustam» deb tanishtirib, erkak ovozida gapirib uning ishonchiga kirgan.
Biroz vaqt o`tgachb M.Adizova yana «Rustam» rolida «menga pul kerak puling bo`lsa berib turgin, agar puling bo`lmasa tilla taqinchoqlaring bo`lsa ham bergin, ularni garovga qo`yib pul olaman, keyinchalik taqinchoqlaringni qaytarib beraman» deb aldagan hamda O.Ortiqovadan jami bahosi 8 000 000 so`m bo`lgan uch dona ayollar va bir dona erakaklar tilla uzuklarini, bir juft ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla zanjiri hamda 2 600 000 so`m naqd pullarni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritishga muvaffaq bo`lgan.
Buxoro viloyat IIB matbuot xizmatining nashrga bergan xabarida aytilishicha, «Rustam»ning gaplariga ishongan O.Ortiqova afsuski, o`zining qo`lida bo`lgan mol-mulkini unga berib yuborgan. Ajablanarli jihati shundaki, M.Adizova o`zining tashqi ko`rinishini ustalik bilan o`zgartirib, erkak qiyofasiga kirib O.Ortiqova bilan bir necha marta uchrashgan. Buni qarangki, ikki oydan ortiqroq vaqt mobaynida uning bu qilmishlarini O.Ortiqova hamda boshqalar mutlaqo sezmagan.
Sudda M.Adizova o`zining qilmishiga to`la iqrorlik bildirib, haqiqatdan tashqi qiyofasini o`zgartirib, erkak ko`rinishida O.Ortiqova bilan bir necha marta uchrashganini hamda telefonda ham erkak ovozida gapirib, O.Ortiqovadan pul so`raganini tan olib, suddan qonuniy engillik berilishini so`ragan.
M.Adizova O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasining (firibgarlik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.
M.Adizovaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasining 1-qismi bilan oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.






