AsosiyJamiyat

Harbiy bilim yurtining 100 yilligi tantanali nishonlandi

'Harbiy bilim yurtining 100 yilligi tantanali nishonlandi'ning rasmi

Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti (hozir O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi)ning tashkil topganiga 100 yil to`lgani munosabati bilan “Oliy harbiy ta`lim muassasasining Qurolli Kuchlar va Vatan himoyasi uchun ofiser qadrlar tayyorlashdagi tarixiy hissasi” mavzuida xalqaro harbiy-ilmiy anjuman o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas`ullari, MDHga a`zo mamlakatlar va boshqa davlatlarda istiqomat qiluvchi bilim yurtining bitiruvchi-faxriylari, O`zbekistondagi xorijiy mamlakatlar elchixonalarining harbiy attashelari, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda bir asrlik tarixga ega mazkur harbiy bilim yurti mamlakatimizda yangicha fikrlaydigan, Vatani va xalqiga sodiq ofiser kadrlarni tayyorlashda muhim o`rin egallayotgani alohida ta`kidlandi.

10.JPGMazkur harbiy ta`lim muassasasi XX asr boshida tashkil etilgan. Jumladan, 1900 yil Toshkent kadetlar korpusi, 1915 yil praporshchiklar maktabi, 1918 yilda esa Turkiston sovet qo`mondonligi kurslari sifatida ko`plab malakali harbiylarni tayyorlab bergan. Ta`kidlash lozimki, 1921 yil 9 fevralda Toshkent piyodalar qo`mondonlik tarkibi maktabi, deb qayta nomlangan bilim yurtida o`zbek, tojik, turkman va qirg`iz millatiga mansub kursantlar bo`linmasi shakllantirildi. Shu yilning 1 aprelidan o`quv dasturiga o`zbek tili fani ham kiritildi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganida bilim yurtida o`qish muddati olti oy etib belgilandi va 1941 yil o`qituvchi va kursantlardan iborat brigadalar tashkil etildi. Urushga safarbar qilingan 8 mingdan ortiq ofiserlarning 53 nafari qahramon unvoniga, mingdan ziyodi davlat mukofotiga sazovor bo`ldi. Bilim yurtida hozirgi kunga qadar 156 bitiruv marosimi o`tkazilgan. Bitiruvchilarning ikki yuzdan ortig`i turli davrlarda general unvoniga ega bo`ldi.

2-faqat saytga.JPG – Bilim yurtida tahsil olgan yillarim Ikkinchi jahon urushi arafasiga to`g`ri kelgan, – deydi mazkur bilim yurtining 1941 yilgi bitiruvchisi, 95 yoshli ist`efodagi general-mayor Abdulla Ortiqxo`jaev. – O`sha paytlari urushda ofiserlar etishmasdi. Men ham safdoshlarim bilan Vatan himoyasi yo`lida urushga ketdim. Keyinchalik harbiy sohada 65 yoshgacha faoliyat olib bordim. Bayram munosabati bilan o`zim tahsil olgan bilim yurtiga kelganimdan xursandman. Yana o`sha qadrdonlarim bilan ko`rishdim. Yosh harbiylar bilan suhbatlashib, navqiron yoshlik paytlarimga qaytganday bo`ldim.

Tantanali marosimda bilim yurtining bitiruvchi-faxriylariga “Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurtiga 100 yil” esdalik nishoni va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.

    Boshqa yangiliklar