Xorijlik fuqarolarning O`zbekistonga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig`imi miqdori belgilangan.
Hozirgi vaqtda respublikamizga xorijiy fuqarolarning kirishi uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini optimallashtirishga, milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga kirish turizmini transformasiya qilish, madaniy-tarixiy merosni, tabiiy boyliklar va an`analarni, shuningdek, respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyatini keng targ`ib qilishga yo`naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O`zA axborot berdi.
Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish jarayoni xorijiy fuqarolarning respublikaga kirishi tartibini yanada soddalashtirish, elektron kirish vizasini rasmiylashtirish va berish bo`yicha interaktiv xizmatlarni takomillashtirishni talab etmoqda. Shuningdek, bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun O`zbekiston Respublikasiga vizasiz qisqa muddatli, 16 yoshga to`lmagan xorijiy fuqarolarning O`zbekistonga vizasiz kirishini soddalashtirishga zarurat oshdi.
Ayni ishlarni tartibga solishda Prezidentimizning joriy yil 4 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori dastur-ulamal bo`lib xizmat qiladi.
Qarorga ko`ra, xorijiy fuqarolarning O`zbekistonga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig`imi miqdori 20 AQSh dollari etib belgilandi. Tushgan mablag`lar keyinchalik O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralarini moliyalashtirishga yo`naltirish uchun O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining valyuta hisob raqamiga o`tkaziladi.






