«Yoshlar –kelajagimiz» Davlat dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Respublika bo`ylab shtab va ishchi guruhlar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Hozirda mamlakatimizning eng chekka hudularigacha o`rganishlar olib borayotgan ishchi guruh xodimlari yoshlarning qiziqishlari, orzu-istaklari, rejalari, mavjud muammo va kamchiliklarini chuqur o`rganib, tahlil qilishmoqda.
O`z navbatida yoshlar masalalariga joyida ijobiy echim topib hal etilmoqda.
Ishchi guruhlar uyma-uy yurib, barcha yoshlar to`g`risidagi ma`lumotlar bazasini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlarga ko`maklashish, kreditlar ajratilishida amaliy yordam berish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishmoqda.
Aniqlangan ishsiz yoshlarni ishga joylashtirib, aholining ijtimoiy maishiy muammolarini hal etish choralarini ko`rayotgan shtab esa ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan birga ma`lumotlarni umumlashtirib bormoqda. Xususan, Qoraqalpog`iston Respublikasida ham Dastur ijrosini ta`minlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Respublika ishchi guruhi a`zolari Mo`ynoq tumanidagi yoshlar bilan ham uchrashdilar. Yoshlar issiqxona tashkil qilish, non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish, maishiy texnika xizmatlari ko`rsatish, kutubxona faoliyatini yo`lga qo`yish borasida biznes loyihalarini taqdim etdilar. Yoshlarning 14 nafariga jami 1 mlrd. 825 mln. so`mlik kredit ajratishga qaror qilindi.
Uchrashuvlar davomida yoshlarning tilak-istaklari hisobga olinib, Yoshlar ittifoqi tomonidan Mo`ynoq sanoat-transport kasb-hunar kollejida joylashgan «Yoshlar markazi» uchun 10 ta tikuv mashinasi, 10 ta kompyuter va boshqa texnik jihozlar, shuningdek kollej sport zali uchun inventarlar ajratish belgilab olindi.






