AsosiyJamiyat

Chinozlik 14 nafar mahbus afv etilib, ularga 15 million so`mdan moddiy yordam ko`rsatildi

'Chinozlik 14 nafar mahbus afv etilib, ularga 15 million so`mdan moddiy yordam ko`rsatildi'ning rasmi

Kechirimlilik, hayotda adashganlarga imkoniyat berib, ularni to`g`ri yo`lga solish xalqimizga xos yuksak fazilat.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida bilib-bilmay turli diniy oqimlar ta`siriga tushib qolgan 14 nafar fuqaro afv etilib, oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Ularning hayotda o`z o`rnini topishi, yana adashmasligi uchun 15 million so`mdan ortiq moddiy yordam ko`rsatilib, 13 nafarining doimiy ish bilan bandligi ta`minlandi. Bir nafarining sog`lig`ini tiklash bo`yicha tegishli tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.

Chinoz tumanida o`tkazilgan oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada sog`lomlashtirish, diniy ekstremizm va aqidaparastlikning oldini olishga qaratilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirda bu borada olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi mas`ullari, imom-xatiblar, mahalla raislari, mahallalarning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassislari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda diniy ekstremizm va aqidaparastlikning oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, ayrim yurtdoshlarimizning yo`ldan adashishiga oilasidagi nosog`lom muhit sabab bo`layotgani, diniy-ekstremistik oqimlar ta`siriga tushib qolishning oldini olishda oilalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada sog`lomlashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

– Viloyatda 788 mingdan ziyod oila bo`lib, notinch-noqobil sifatida 428 oila ro`yxatga olingan, – deydi Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Toshkent viloyati kengashi raisining o`rinbosari Z.Jo`raeva. – Oilalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish bo`yicha viloyatdagi barcha oilalar o`rganib chiqildi va mavjud holatga qarab, ular namunali, o`rtahol va muammoli oilalarga ajratildi. Hozirda muammoli oilalarni o`rtahol, o`rtahol oilalarni esa namunali oilalarga aylantirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.

Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham shunday yig`ilishlar o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar