Tatyana Karimova O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan ilk uchrashuvlarini yodga oldi.
«Islom Abdug`anievich bilan 1970 yili Samarqandda, akasi Ibod G`anievichning uyida tanishganmiz. Uning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening ammavachcham edi. Men Samarqandda muhandislik-texnologiya fakultetida tahsil olib, talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G`anievich oqko`ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edi.
Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o`tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so`ng endigina ketishga taraddud ko`rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G`anievichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug`anievich edi. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. Qizlik idrokimda nedir kuchli taassurot qoldirganini eslolmayman. Men uchun u paytda Islom Abdug`anievich oq-qorani tanigan jiddiy bir odam, egachimning qaynisi edi.
Oradan bir necha oy o`tib, fevral oylarida biz yana Toshkentda ko`rishdik. Men Farg`onaga ta`tilga ketayotgan edim. Quvasoydagi qarindoshlarni yo`qlashga otlangan Xayriniso Sultonovna menga hamroh bo`ldi. Islom Abdug`anievich chipta olishda yordam berdi. Poytaxtda birrovga to`xtab o`tdik.
Bu gal ham suhbatimiz uzoq davom etmadi.
Kechagidek yodimda, martning ettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko`klamning xush iforga to`la iliq havosi. Shig`alab yog`ib o`tgan yomg`irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go`zal bo`lib ketgan. Ko`lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko`ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to`lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo bir yigit so`rab kelganini xabar qilishdi. U kim ekani etti uxlab tushimga ham kirmagani rost. O`zimcha otam yo`llagan (ehtimol biror narsa berib yuborgandir) yoki oilamiz, xonadonimizga daxldor birovdir-da deb o`yladim.
Chiqib ko`rdimki, meni yo`qlab kelgan odam Islom Abdug`anievich ekan.
Meni sayr va suhbatga taklif qildi. Biz ilk bor yolg`iz o`zimiz ko`rishib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o`qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat.
Lekin sayr asnosida Islom Abdug`anievich to`xtab, hech kutilmaganda ‘Menga turmushga chiqasizmi? - deb so`radi. Men, albatta, hayratdan qotib qolgan edim. Qanday izohlashni ham bilmayman, men shunday holga tushgan edim: aql vaziyatni hali to`liq anglab, baholab bo`lmasdan, qalb va yurak "ha" deya javob berib bo`lgandi. Ko`ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo`ladi. Men bu insonning kuchi, samimiyati, jozibasi, qat`iyati va nedir bir oxanrabosini sezgan bo`lsam kerak… Men "ha" deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo`g`i bir necha qisqa uchrashuv…».






