AsosiyJamiyat

Samarqandda jinoyatchilikni jilovlash ishlarining yangi bosqichi

'Samarqandda jinoyatchilikni jilovlash ishlarining yangi bosqichi'ning rasmi

Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlashga, har bir fuqaroning tinch va osuda hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bu borada Samarqand viloyatini jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, aholida jinoyat va huquqbuzarliklarning har qanday ko`rinishlariga murosasiz munosabat shakllantirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni alohida qayd etish lozim.

Joriy yilning olti oyi mobaynida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo`yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi 495 mahallalarda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmadi.

Sodir etilgan jinoyatlar avvalgi yilga nisbatan 1 245 taga yoki 40,2 foizga, qotillik 39,5 foizga, bosqinchilik 12,5 foizga, og`ir tan jarohati etkazish 27,4 foizga, talonchilik 62,5 foizga, firibgarlik 49,2 foizga, o`g`irlik 45 foizga, bezorilik 72,9 foizga, avtotransport vositasini olib qochish 33,3 foizga kamaygan.

Aholi bilan amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 12,8 foizga kamaygan bo`lib, ular ishtirokida Bulung`ur, Narpay, Nurobod, Tayloq va Qo`shrabot tumanlarida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagan.

Jamoatchilik vakillari bilan yaqindan hamkorlikda o`tkazilgan maqsadli profilaktik tadbirlar natijasida yoshlar, xotin-qizlar, ilgari sudlanganlar va doimiy ish joyiga ega bo`lmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishi holatlari sezilarli darajada kamaygan.

122.JPG

Erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim hududlarda mahallalarda uyma-uy yurib, aholida mavjud muammolarni aniqlab bartaraf etish hamda jinoyatchilikka murosasiz munosabatni yaratish ishlari to`liq yo`lga qo`yilmaganligi oqibatida viloyatning 591 ta yoki har ikkinchi mahallasida jinoyat sodir etilgan. Ayniqsa, Samarqand shahrida 43 ta, Pastdarg`omda 23 ta, Urgutda 14 ta, Ishtixon va Payariqda 13 tadan mahallalarda jinoyatlar sodir etilishi ko`payganligi ushbu hududlarda samarasiz profilaktik tadbirlar amalga oshirilganligidan dalolat beradi.

Shuning uchun, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo`shma farmoyishi asosida Prezident Devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas`ul vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan viloyat ichki ishlar organlarining joriy faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga qanchalik muvofiq tashkil etilganligiga baho berish maqsadida o`rganish ishlari boshlandi.

123.jpg

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po`lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh viloyatning Samarqand, Bulung`ur, Jomboy, Kattaqo`rg`on, Narpay, Paxtachi va Ishtixon tumanlari hamda Kattaqo`rg`on shahrida bo`lib, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to`laqonli anglab etganligi va ularni hayotga tatbiq etishda munosib hissa qo`shayotganligi, fuqarolar bilan xushmuomalada bo`lishi, shuningdek, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo`l qo`yilayotgan nuqson va kamchiliklarning tub sabablarini atroflicha o`rgandi.

Bunda Samarqand tumanida oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar to`liq hal etilmaganligi sababli og`ir tan jarohati etkazish, Kattaqo`rg`on, Oqdaryo tumanlari va Kattaqo`rg`on shahrida fuqarolarning mol-mulkini ishonchli himoya qilish ishlariga alohida e`tibor qaratilmaganligi oqibatida ushbu hududlarda firibgarlik, talonchilik kabi jinoyatlar oshib ketgan.

Viloyatning mutasaddi davlat idoralari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar, “Mahalla”, “Nuroniy” va boshqa jamoatchilik institutlari bilan uzviy hamkorlikni o`rnatishga lozim darajada e`tibor qaratilmaganligi sababli jinoyat sodir etgan voyaga etmaganlar Jomboy va Samarqand tumanlarida, ayollar jinoyatchiligi Kattaqo`rg`on, Urgut va Tayloq tumanlarida, ilgari sudlanganlar jinoyati Bulung`ur tumanida ko`paygan.

Xalq bilan muloqot o`rnatish va aholining muammolarini joyida hal etish choralari talab darajasida tashkil etilmaganligi hamda shaxsiy tarkibning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazorat etarli darajada o`rnatilmaganligi oqibatida Bulung`ur, Jomboy va Kattaqo`rg`on tumanlarida xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish holatlari keskin ko`paygan.

O`rganishlar natijalari shu kunning o`zida har bir tuman ichki ishlar bo`limi xodimlari ishtirokida atroflicha va tanqidiy muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusi faoliyatda yo`l qo`ymaslik yuzasidan aniq muddatlar ko`rsatilgan vazifalar hamda ijrosi uchun mas`ullar belgilandi.

Faoliyatida yuqoridagi kabi tizimli kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi uchun Bulung`ur tumani IIB boshlig`i, podpolkovnik Sodiq Abduhakimov, Paxtachi tumani IIB boshlig`i, podpolkovnik Xayrullo Abduhamidov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O`rganish davomida vazir viloyatdagi ichki ishlar organlari xodimlarini sog`lomlashtirish markaziga tashrif buyurib, davolanayotgan faxriylar, xodimlar hamda ularning oila-a`zolari bilan uchrashdi va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Maskanda davolanuvchilarning mazmunli xordiq chiqarishi uchun konsert dasturlarini tashkil etish, ularga Samarqandning tarixiy obidalariga ziyorat tashkil etish uchun bir dona “Damas” rusumli avtomashina tantanali ravishda topshirildi hamda kutubxona fondini yangi kitoblar bilan to`ldirish maqsadida vazirlik hisobidan 20 million so`mlik pul mablag`lari ajratildi.

Samarqand viloyatida ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan o`rganish davom etmoqda.

Uning natijalari bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlar taqdim etib boriladi.

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar

vazirligi Jamoatchilik va ommaviy

axborot vositalari bilan

aloqalar boshqarmasi

    Boshqa yangiliklar